AQSh Mudofaa vaziri oʻrinbosari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Harbiy 15 Dekabr 2022 2168

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qoʻshma Shtatlari Mudofaa vaziri oʻrinbosari Kolin Kal bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston-AQSh harbiy va harbiy-texnik hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashildi.

    Suhbat chogʻida AQSh Mudofaa vaziri oʻrinbosari joriy yilda nishonlangan ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi muhim sanalar, xususan, diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi, strategik sheriklik munosabatlarining 20 yilligi va Missisipi shtati bilan hamkorlik dasturining 10 yilligi bilan tabrikladi.

    Bundan tashqari, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarogʻ va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni faollashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    AQSh tomoni Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, sheriklik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yaratish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston va AQShning Afgʻonistondagi vaziyat keskinlashuviga yoʻl qoʻymaslikdan oʻzaro manfaatdorligi qayd etildi.

    Maxsus operatsiyalar kuchlari boʻlinmalarini tayyorlash, qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy taʼlim sohasida hamkorlikni davom ettirish, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi va AQSh Mudofaa vazirligining yetakchi harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.