Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar qildi.

Sabzavot va dukkakli mahsulotlarning ozuqaviy aralashmasidan iborat boʻlgan mazkur yordam sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalari hamda ehtiyojmand uy xoʻjaliklari oʻrtasida taqsimlanadi. Yordamning COVID-19 boʻyicha karantin xizmatlarini koʻrsatayotgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar davolanayotgan muassasalar, mehribonlik uylari, ruhiy kasalliklar shifoxonalaridagi 30 ming nafardan ortiq fuqaroni qamrab olishi kutilmoqda.

2021-yildan buyon Amerikaning Oziq-ovqat yordamini koʻrsatish boʻyicha xalqaro sherikchilik dasturi doirasida Oʻzbekistonga 3,5 mln dollardan ziyodroq qiymatdagi qariyb 1300 tonnalik oziq-ovqat yordami yetkazib berildi. Respublikaning barcha hududlarida 240 ming nafardan ziyodroq kishiga 65 mln porsiya tarqatildi.

USAIDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Mikaela Meredit dasturning maqsadi “sogʻlom va samarali hayotni qoʻllab-quvvatlash uchun muvofiq, xavfsiz va toʻyimli ozuqa” taqdim etish yoʻli bilan aholining zaif qatlamlarini yana-da qoʻllab-quvvatlashdan iborat ekanini taʼkidladi.

Yetkazib berilgan Harvest Lentil Pro (ishlab chiqaruvchi — Amerikaning Breedlove Dehydrated Foods kompaniyasi) mahsuloti quritilgan sabzi, piyoz, guruch va yasmiqdan tarkib topgan. Mahsulot organizmni ozuqaviy mikroelementlarni taʼminlash hamda kunlik kaloriya va oqsillar isteʼmolini oshirish uchun maxsus ishlab chiqilgan boʻlib, u sovutilmagan holda uzoq muddat saqlash va turli usullarda oson pishirish xususiyatiga ega.

Taqdim etilgan yordam Amerikaning Resource and Policy Exchange notijorat tashkiloti tomonidan Sogʻlom Avlod Uchun Xalqaro xayriya jamgʻarmasi (Oʻzbekiston) bilan hamkorlikda tarqatiladi.

Amerika diplomatik vakolatxonasi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 20 yil davomida AQSH Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimiga 122 mln dollardan ziyodroq miqdorda uzoq muddatlik investitsiyalar kiritgan boʻlsa, umumiy hamkorlik hajmi 1 mlrd dollardan oshdi.