Oʻpkani sunʼiy shamollatish moslamasi Prezident Donald Tramp maʼmuriyati tomonidan iyun oyida eʼlon qilingan insonparvarlik yordamining bir qismi sifatida xayriya qilinmoqda.

Oʻzbekistondagi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni qoʻllab-quvvatlash uchun ushbu tibbiy jihozlarni yetkazib berish Vashingtonda elchixona tomonidan Oq uy maʼmuriyati, Davlat departamenti va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vakillari bilan oʻtkazilgan bir qator maslahatlashuvlar natijasi boʻldi. 

Jihozlarning texnik xususiyatlari diplomatik vakolatxonamizning USAID sogʻliqni saqlash idorasi vakillari va Kaliforniya universiteti ekspert-anesteziologlari bilan uchrashuvida taqdim etildi. Maʼlumki, tibbiy asbob-uskunalar tibbiy maqsadlar uchun texnologiyalar va dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqish boʻyicha 40 yildan ortiq tajribaga ega boʻlgan Amerikaning “Zoll Medical Corporation” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi.

Taqdim etilgan oʻpkani sunʼiy shamollatish moslamalari Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash muassasalarining texnik infratuzilmasini hisobga olgan holda maxsus buyurtma asosida ishlab chiqarildi. Xususiyatlariga koʻra, ushbu vositalar statsionar davolanishda ham, havo tibbiy transportida yoki tez yordam mashinalarida tashish paytida intensiv terapiya uchun ishlatiladi.

Oʻpka sunʼiy shamollatish moslamalari ushbu modelini qoʻllagan Kaliforniya universiteti amaliyotchilari uning COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashda, shu jumladan, bemor oʻz-oʻzidan nafas ololmaganda kasallikning ogʻir bosqichida samarali ekanligini tasdiqladilar. Ushbu qurilmalar oʻpkalarni sunʼiy ravishda shamollatishning turli usullaridan foydalanish va bemorlarning hayotiy funksiyalarini chaqaloqlardan tortib kattalarga qadar qoʻllab-quvvatlashga imkon beradi.

Elchixona maʼlumotlariga koʻra, ushbu moslamalar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimizning barcha mintaqalaridagi 62 tibbiyot muassasalari oʻrtasida taqsimlanadi.