AQSH Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatladi

    Oʻzbekiston AQSH bilan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarni yakunladi.

    Bu haqda Prezidentning JST boʻyicha maxsus vakili Azizbek Oʻrunov maʼlum qildi.

    Rasmiy Vashington bilan tashkilotga aʼzolikni qoʻllab-quvvatlashi boʻyicha ikki tomonlama muhokamalar 14 oy davom etdi. Natijada Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonga bu masalada yordam koʻrsatgan yigirma birinchi davlat boʻldi.

    "Bu sarguzashtlarga boy safar edi. Muzokaralar qiyin, ammo samarali boʻldi. Bir umrlik tajriba“, - deya jarayonlarni tasvirlagan Oʻrunov. U AQSH Savdo vakili ofisiga” konstruktiv hamkorlik" uchun minnatdorchilik bildirdi.

    Oʻrunov, shuningdek, Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchisi Furqat Sidiqov va diplomatik missiyaning savdo boʻyicha maslahatchisi Oqil Ubaydullayevga minnatdorlik bildirdi.