Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida Amerika delegatsiyasiga boshchilik qiladigan AQSH savdo vazirining oʻrinbosari Marisa Lago shu haqda maʼlum qildi.
Muzokaralar chogʻida boʻlajak tashrif kun tartibi va oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama etildi. AQSH Savdo vazirligi vakili oʻzaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qoʻshma dastur hamda tashabbuslarni ilgari surishda yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi.
Taʼkidlanganidek, AQSH hukumati Oʻzbekistonning ishbilarmonlik muhiti va respublikaning sarmoyaviy jozibadorligini sifat jihatdan yaxshilash borasidagi muvaffaqiyatlarini diqqat bilan kuzatib boryapti. Savdo vazirligi bundan keyin ham Oʻzbekiston tomoni bilan yaqin hamkorlik qiladi va mamlakatimizdagi oʻzgarishlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.
Amerika delegatsiyasining Oʻzbekistonda boʻlishi davomida bir qator vazirlik va idoralarda uchrashuv va muzokaralar, Amerika va mahalliy kompaniyalarning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishuvlar, Amerika Savdo palatasi — “AmCham Uzbekistan” aʼzolari bilan alohida brifing oʻtkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, AQSH Savdo vazirligining qisqa muddatli biznes amaliyoti maxsus dasturi (“SABIT”) bitiruvchilari va Oʻzbekiston Ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi nazarda tutilgan.
Vazir oʻrinbosari boshchiligidagi Savdo departamenti delegatsiyasi pandemiya tugaganidan beri Oʻzbekistonga birinchi marta tashrif buyuradi. M. Lago AQSH savdo idorasining Prezident Jo Bayden maʼmuriyatidagi bunday yuqori darajadagi birinchi vakili sifatida mamlakatimizga keladi.
2018-yil oktyabr oyida AQSH savdo vaziri Uilbur Ross Toshkentga tashrif buyurgan edi. Uilbur Ross bilan erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 2019-yil iyun oyida AQSH Savdo vazirligining sertifikatlangan Savdo missiyasi Oʻzbekistondagi biznes va sarmoyaviy muhit bilan yaqindan tanishish maqsadida Amerikaning 13 ta yirik kompaniyalari bilan Toshkentga kelgan edi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.