AQSh Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Kozixonova AQSh Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-huquqiy sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash, xususan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbus va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Senator tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlikni, ayniqsa, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Ayollar tadbirkorligi sohasida son va sifat jihatdan o‘sish kuzatilayotgani, ularning iqtisodiy faolligi ortib borayotgani alohida ta'kidlandi.

    Delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlar, xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholab, AQSh Savdo vazirligining CLDP dasturi bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

    Suhbat chog‘ida ayollarning tadbirkorlikdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida hamkorlikning istiqbollari haqida ham fikr bildirildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.