Adliya vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, respublikamizda 14 ta yuridik texnikum tashkil etilgan. Ularda davlat huquqiy faoliyat; yuridik xizmat; sud-huquqiy faoliyat kabi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.
Yuridik texnikumlarga umumiy oʻrta taʼlim (11-sinfni) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini bitirganlar hujjat topshirishi mumkin.
Oʻqishga kirish uchun abituriyentlar hujjatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat test markazining rasmiy veb-sayti (www.texnikum.dtm.uz) orqali onlayn qabul qilinadi.
Hujjatlar qabul qilish joriy yilning 1-avgustidan 20-avgustgacha (shu kuni ham) boʻlib oʻtadi.
Yuridik texnikumlarga Oʻzbekiston fuqarolarini qabul qilish Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshiriladi.
Test sinovlari test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni TDYUU bakalavriatiga kirish uchun belgilangan talablarga muvofiq boʻlib oʻtadi.
Xorijiy fuqarolar yuridik texnikumlar tomonidan tashkil etiladigan suhbat natijasida qabul qilinadi.
Abituriyentlar oʻqishga davlat buyurtmasi, toʻlov-kontrakt, shu jumladan, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Oʻqish muddati 2 yilni tashkil etadi.