AQSH va Oʻzbekiston ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi

    Xalqaro hamkorlik 7 Mart 2024 561

    Joriy yil 6-martda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenikni qabul qildi.

    Suhbat davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini, jumladan, oliy darajadagi kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlarini, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

    Investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni ragʻbatlantirishga oʻzaro tayyor ekanliklari bildirildi.

    2023-yil yakuniga koʻra Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 657 million dollarni, investitsiyalar hajmi esa 922,8 million dollarni tashkil etdi. Hozirda Oʻzbekistonda Amerika kapitali ishtirokida 294 ta korxona faoliyat koʻrsatib kelyapti, shundan 148 tasi 100% xorijiy korxona kapitali ishtirokida, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.