AQSh xakerlar hujumidan 1,3 mlrd. dollar zarar ko'rdi

    Kanadalik dasturchi pul yuvish borasida koreyalik xakerlar bilan hamkorlik qilgani uchun 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

    Maʼlum boʻlishicha, Galeb Olomari Shimoliy Koreyada faoliyat yurituvchi xakerlar bilan jinoiy til biriktirib, dunyo boʻyicha bir qancha banklardan qariyb 1,3 milliard dollar oʻgʻirlanishida yaqindan yordam bergan.

    Tergov hujjatlarida qayd etilishicha, Olomari kiber hujumlar natijasida oʻgʻirlangan pullarni yuvish bilan shugʻullangan. Jabrlanganlar orasida Hollivud kinostudiyalaridan tortib AQSH hukumatigacha bor. Milliy xavfsizlik boʻyicha Bosh prokuror oʻrinbosari Jon Demersga koʻra, “Olomari aybiga iqror boʻlgan va sodir etgan qilmishi uchun sud tomonidan tayinlanadigan jazoga tayyor” ekanini maʼlum qilgan.

    Qayd etish kerak, Shimoliy koreyalik xakerlar “WannaCry” virusidan foydalangan holda AQSH hududidagi moliya muassasalari va kompaniyalarga kiber hujumlar uyushtirib, ularning hisob raqamlaridan jami 1,3 mlrd dollar yechib olishga muvaffaq boʻlgan. Bu ishni amalga oshirgan dasturchilar Jon Chan Xek, Kim Ir va Pak Chin Xek Shimoliy Koreya xavsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgani aytilmoqda. Ular Qoʻshma Shtatlardan tashqari, Vetnam, Bangladesh, Tayvan, Meksika, Malta va Afrika davlatlaridagi banklardan ham mablagʻlarni va mijozlarning shaxsiy maʼlumotlarini oʻgʻirlashgan.