“Reuters” agentligi maʼlumotiga koʻra, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio tomonidan imzolangan ichki telegrammada, ushbu mamlakatlar bilan bogʻliq ehtimoliy xavflar bayon qilinib, ularni bartaraf etish choralarini koʻrishga chaqirilgan.
“Davlat departamenti 36 ta xavotirli davlatni aniqladi, mazkur mamlakatlar fuqarolari 60 kun ichida belgilangan mezonlar va talablarga javob bermasa, AQSHga kirishlari qisman yoki toʻliq taqiqlanishi mumkin”, – deyiladi hujjatda.
Toʻliq yoki qisman taqiqqa duch kelishi mumkin boʻlgan davlatlar asosan Afrika va Okeaniyada joylashgan. Osiyo davlatlari orasida esa Butan, Kambodja, Qirgʻiziston va Suriya bor.
Shuningdek, telegrammada Davlat departamenti tomonidan bildirilgan muammolar orasida baʼzi mamlakatlarda shaxsni tasdiqlovchi ishonchli maʼlumotlarni taqdim eta oladigan vakolatli hukumatning yoʻqligi tilga olinadi.
Bundan tashqari, baʼzi davlatlar deportatsiya qilingan fuqarolarining AQSHdan qaytishiga yordam berishda hamkorlik qilmaganliklari ham qayd etilgan.
Mazkur xavotirlar orasiga mamlakat fuqarolarining terrorchilik harakatlariga aloqadorligi yoki “antisemitik” va “amerikaga qarshi” faoliyatlar ham keltiriladi. Hujjatda bu sabablarning barchasi ham roʻyxatda keltirilgan har bir davlatga tegishli emasligi taʼkidlangan.
“Biz amerikaliklarning xavfsizligini taʼminlash va xorijiy fuqarolar tomonidan qonunlarimizga rioya qilinishiga qaratilgan siyosatni doimiy ravishda koʻrib chiqamiz. Davlat departamenti mamlakatimizni va uning fuqarolarini himoya qilishga, milliy va jamoat xavfsizligining eng yuqori standartlarini qoʻllab-quvvatlashga sodiqdir”, – degan agentlikka bergan intervyusida yuqori lavozimli rasmiy.
Agentlikning yozishicha, bu joriy oy boshida eʼlon qilingan taqiq boʻyicha roʻyxatning sezilarli darajada kengayishi boʻladi. Oʻshanda mazkur roʻyxatga kiritilgan davlatlar orasida Afgʻoniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan , Yaman va yana yettita davlat bor edi.