Bu haqda AQSH Chegara patrul xizmati (US Border Patrol Yuma Sector) xabar berdi.
Qayd etilishicha, 19-noyabr kuni AQSHning Arizona shtati, Kvarsit shahri yaqinida avtohalokat sodir boʻlgan. Hodisa tafsilotlari mahalliy politsiya tomonidan oʻrganilganda, oʻzbekistonlik erkakda 5 ta haydovchilik guvohnomasi borligi aniqlangan. Unga Nyu-Yorkda 2 ta, Ogayo shtatida esa 3 ta haydovchilik guvohnomasi berilgan.
Mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari yuk mashinasi va tirkamani voqea joyidan olib ketgach, haydovchining shaxsiy maʼlumotlarini tekshirishni boshlashgan.
Tekshiruv davomida bu shaxs 2023-yil aprel oyida AQSHga noqonuniy ravishda kirgani aniqlangan. Joriy yilning iyul oyida immigratsiya sudyasi uni deportatsiya qilish haqida qaror chiqargan, biroq u bu buyruqqa boʻysunmay, ataylab mamlakatda qolgan.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston fuqarosining ishi yana deportatsiya jarayoniga koʻrib chiqish uchun tegishli idoralarga yuborilgan.