AQShda dinozavrning yangi turi topildi

    Olimlar taxminan 150 million yil avval hozirgi AQSh hududida yashagan dinozavrning yangi turini topishdi.

    Uning qoldiqlari 2021-2022-yillarda Koloradoda topilgan, ammo yaqinda uning alohida tur ekanligi tasdiqlandi va u Enigmacursor mollyborthwickae deb nomlandi. Bu haqda Open Science jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib, CNN xabar berdi.

    Yangi tur dinozavrlar uchun juda kichik: bo'yi taxminan yarim metr va uzunligi qariyb bir metr – tansining kattaligi jihatidan Labradorga o'xshash. Dinozavr o'txo'r bo'lgan va ikkita uzun orqa oyoqlarda harakatlangan. Olimlarning ta'kidlashicha, u yirtqichlardan qochish uchun yetarlicha tezlikka ega bo'lgan.

    “O'simliklarni iste'mol qilgan bu kichik dinozavrlar juda kamdan-kam hollarda topilgan. Aslida, bir nechta suyak bo'laklarini emas, balki to'liq skeletni topish kamdan-kam uchraydi. Demak, bu dinozavrlar mutlaqo noma'lum”, deb tushuntirdi tadqiqot hammuallifi, paleontolog Pol Barret.

    Dinozavrning nomi ham ramziy ma'noga ega: dinozavr nomining bir qismi –“enigma” so'zi jumboq degan ma'noni anglatadi – axir, olimlar uzoq vaqt davomida skelet qaysi turga tegishli ekanligini aniqlay olishmagandi-da.

    Yaqin kelajakda Enigmacursor mollyborthwickae Londondagi Tabiiy tarix muzeyidagi ko'rgazmaning bir qismiga aylanadi, deb xabar beradi korrespondent.net.