Amerika Qoʻshma Shtatlarida dunyodagi eng qimmat dori vositasidan foydalanishga ruxsat berildi. Preparatning bir inyeksiyasi taxminan 3,5 million dollarga tushadi. Bu haqda “Oddity Central” xabar berdi.
Preparat Hemgenix deb ataladi. Uni ishlab chiquvchilar fikricha, dori yordamida odam gemofiliya – qon ivishining buzilishidan xalos boʻladi.
Hozirgacha standart muolajalar bemorlarning qonida yetishmayotgan oqsil miqdorini yetarli darajada ushlab turish uchun doimiy inyeksiyalarni talab qilgan, ammo yangi dori tufayli gemofiliya bilan ogʻrigan bemorlarga butkul davolanish uchun preparatning bir dozasi yetarli boʻladi.
Biroq muammo shundaki, bir shisha Hemgenix 3,5 million dollar turadi, bu esa preparatni tarixdagi eng qimmat doriga aylantiradi.
Ekspertlarning fikriga koʻra, preparat muvaffaqiyatga erishish imkoniyatiga ega. Negaki, gemofiliya uchun mavjud davolash usullari ham katta pul talab qiladi.