AQShda vatandoshlar uchun bepul trening kurslar tashkil etiladi

    Xalqaro hamkorlik 3 Dekabr 2021 723

    Oʻzbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi va “Urban Upbound” kompaniyasi oʻrtasida vatandoshlar uchun bepul trening-kurslar oʻtkazish boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolandi hamda mazkur hujjatning taqdimoti tashkil etildi.

    “Dunyo” AA muxbirining xabar berishicha, “Urban Upbound” kompaniyasi 17 yillik tajribaga ega notijorat (yarimhuqumat) tashkiloti boʻlib, bosh idorasi Nyu-York shahrida joylashgan. Kompaniya moliyaviy taʼlim va turli maslahatlar berish uchun moʻljallangan markaz hisoblanadi. Tashkilot AQSH huqumati tomonidan maxsus grantlar asosida moliyalashtiriladi.

    Taqdimot marosimida AQSHdagi oʻzbek diasporal tashkilotlari faollari, “Urban Upbound” kompaniyasi xodimlari, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi hamda Anglashuv memorandumining mazmun-mohiyati vatandoshlar eʼtiboriga taqdim etildi.

    Trening-kurslar asosan mehnat muhojirlarining moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga, ishga joylashish yoki ish joylarini koʻproq maosh toʻlanadigan joylarga oʻtkazishga, AQSH bank tizimidan foydalanish tartiblari, soliq toʻlash jarayonidagi imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlari, uylarni arzon bahoda ijaraga olish masalalari va vatandoshlar ehtiyojidan kelib chiqqan holda boshqa masalalarni qamrab oladi.

    “Urban Upbound” kompaniyasinig soliqlar va pul kirimlari boʻlimi direktori Ahmad al-Maradniy kompaniya 2020-yilda 15 mingdan ortiq aholiga xizmat koʻrsatgani hamda ushbu Anglashuv memorandumi doirasida Oʻzbekiston fuqarolari uchun AQSHda soliq toʻlash va toʻlangan soliqlarning bir qismini soliq toʻlovchi oilaga qaytarish masalalarini oʻz ichiga olgan trening kurslarini 2022-yil yanvar oyida tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.

    “Urban Upbound” kompaniyasi moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish markazi maslahatchisi Mukarramxon Egamberdiyeva ishtirokchilarga Anglashuv memorandumi asosida Oʻzbekistondan AQSHga kelgan mehnat muhojirlari hamda ularning oila aʼzolari uchun qisqa muddatli trening kurslari tashkil etish va kurs soʻngida maxsus tavsiyanomalar berilishi imkoni mavjudligi haqida maʼlumot berdi.

    U, shuningdek, Memorandumda qayd etilgan trening kurslarining quyidagi ustuvorliklarini sanab oʻtdi:

    -oʻquv darslarini oʻzbek va ingliz tillarida tashkil etish;

    -oʻquv darslarini tinglovchilariga qulay boʻlgan vaqtlarda kichik guruhlarda oʻtkazish;

    -treninglarni “Zoom” platformasida onlayn rejimda yoki bevosita sinf xonalarida tashkil etish;

    -oʻquv kurslarini tamomlagan tinglovchilar bir muddat davomida maslahatchilar nazorati ostida boʻlishi va oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishi yoki ular duch kelgan muammolarga birgalikda yechim topish imkoniyatiga ega boʻlishi.

    Bosh konsulxona oʻz navbatida mazkur trening kurslariga diasporal jamiyatlar bilan hamkorlikda koʻproq vatandoshlarni jalb qilish hamda oʻquv mashgʻulotlari jarayonini doimiy monitoring qilishga yordam beradi.