Masalan, bundan besh hafta oldin — 28-noyabrda AQShda COVID-19ni yuqtirish bilan bogʻliq kunlik holatlar 24 mingtani tashkil etgandi.
Yangi turdagi virus mamlakatga kirib borgach, koʻrsatkichlar favqulodda tezlik bilan osha boshladi. Masalan, kuni kecha bu yerda sutkalik kasallanish statistikasi 1 milliondan oshib ketgan.
Bu, 28-noyabr holati bilan qiyoslaganda, 40 barobardan ziyod koʻrsatkichdir. Tahlillarga koʻra, aniqlanayotgan yangi holatlarning 95 foizini “omikron” tashkil etadi.
Qolgan qitʼalarda ham vaziyat oʻta murakkab. Daniyada “omikron” tufayli hayotdan koʻz yumganlar soni 18 nafarga yetgan boʻlsa, Janubiy Koreyada yangi shtammdan dastlabki ikki oʻlim holati qayd etildi.
Buyuk Britaniya esa yanada tang ahvolda. Kasallanish bir hafta avvalgi koʻrsatkichlardan qariyb 2 barobar oshib, 4-yanvarda bu yerda 218 mingdan ziyod kishida koronavirus aniqlangan. Bemorlarning aksariyati yangi shtammni yuqtirgani aytilyapti.
Rossiyada garchi pandemiya toʻlqini kundan kun pasayayotgan boʻlsada, ammo “omikron”ni yuqtirish holatlari koʻpayayotgani achinarlidir. Misol uchun, mamlakatda yangi shtammni yuqtirish koʻrsatkichlari qisqa muddatda 103 taga yetgan.
Ana shunday murakkab vaziyatda qator davlatlar karantin cheklovlarini kuchaytirishga majbur boʻlyapti. Oʻz navbatida, vaksina jarayonini tezlashtirish choralari koʻrilyapti.
Jumladan, Isroil aholini “omikron”ga qarshi toʻrtinchi doza bilan emlashga qaror qilgan birinchi davlat boʻldi. Unga koʻra, dastlab immuniteti zaif insonlar, 9-yanvardan esa 60 yoshdan oshgan barcha fuqarolar va tibbiyot xodimlari qoʻshimcha vaksina olishlari zarur.
Niderlandiyada butun mamlakat boʻylab lokdaun joriy etilgan. 14-yanvargacha bu yerda aksariyat korxonalar ishlamaydi. Avstriyada esa aholining emlanmagan qatlami faqat oziq-ovqat sotib olish yoki shifoxonaga borish kabi oʻta zaruriy ehtiyojlar uchungina oʻz uylarini tark etishlari mumkin.
Fransiyada jamoat transporti, kinoteatrlar, teatrlar va sport maydonchalarida oziq-ovqat hamda ichimliklar isteʼmol qilishga taqiq qoʻyildi. Yangi qoidalar kamida uch hafta davomida amal qilishi kutilyapti.
Buyuk Britaniyada esa taʼtildan soʻng maktab oʻquvchilari 26-yanvargacha sinfxonalarda ham tibbiy niqobda boʻlishlari shart. Yaponiyada aksariyat chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi taqiqlandi.
Hindiston esa kasallanish koʻrsatkichlari ortishi sababli 15 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarni ommaviy emlashga kirishdi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.