“Project C.U.R.E.” rahbariyati bilan oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida Qoraqalpogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi soʻroviga binoan shakllantirgan insonparvarlik yukining umumiy hajmi qariyb 7 tonnani tashkil etishi bildirildi. Yuk tarkibi elektrogidravlik operatsiya stollari, gemodializ apparatlari, ultratovush tadqiqot uskunalari, rentgen skanerlari, intensiv terapiya inkubatorlari, defibrillyatorlar, laboratoriya anjomlari, tibbiy kislorod ballonlari va boshqa asbob-uskunalardan iborat.
Elchixona tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarda qayd etilishicha, begʻaraz yordam yuklari ortilgan konteyner AQSH-Italiya — Gretsiya — Gruziya — Oʻzbekiston yoʻnalishi boʻyicha dengiz va quruqlik yoʻllari orqali Qoraqalpogʻistonga yetkaziladi. Yukni manzilga yetkazib berish 2022-yil aprel oyining oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz: “Project C.U.R.E.” nodavlat-notijorat tashkiloti 1987-yilda tashkil etilgan boʻlib, u rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tanqisligini bartaraf etish borasida koʻmak koʻrsatadi. NNT AQSHning 6 shtatida oʻzining yirik tarqatish markazlariga ega. Har yili “Project C.U.R.E.” tomonidan 40 futlik 200 tadan ortiq konteyner shakllantiriladi.
Joriy yil may oyida “Project C.U.R.E.” loyihasi doirasida Qoraqalpogʻiston sogʻliqni saqlash tashkilotlariga tibbiy materiallar, asbob-uskunalar, mobil ventilyatorlar va tibbiy buyumlarni oʻz ichiga olgan insonparvarlik yordamining birinchi turkumi joʻnatilgan edi.
Oʻzbekistonning Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchixonasi Orolboʻyi mintaqasiga insonparvarlik yordamining bundan keyingi turkumini tayyorlashning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida “Project C.U.R.E.” loyihasi vakillari bilan muzokaralar olib boryapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.