AQSh kompaniyasi kasbiy taʼlimni takomillashtirishda hamkorlik qiladi

    Ta'lim 20 Sentabr 2024 573

    Joriy yil 19-sentyabrda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov AQShning GWP Solutions kompaniyasi bosh menejeri, professor Djon Payl va “Webster university” ijrochi direktori Rasul Raxmonovni qabul qildi.

    Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi uchun kasb-hunarga oʻqitish markazi modelini amalga oshirish boʻyicha kompleks strategiyani ishlab chiqish masalasini muhokama qildilar.

    Uchrashuvda yoshlarning oliy taʼlimga kirmasdan kasbiy taʼlimga tayyorlash boʻyicha fikr almashildi. Bunda har bir viloyat imkoniyatlaridan kelib chiqib mintaqaviy treninglarni rivojlantirish hamda kadrlarni tayyorlash masalasiga diqqat qaratildi.

    Vazir Q.Sharipov kasbiy taʼlim masalasi mamlakatimiz uchun dolzarb masala ekanligini alohida qayd etib, “Webster university” bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasida kasb-hunarga oʻqitish markazining pilot loyihasini amalga oshirish taklifini ilgari surdi.

    Professor Djon Payl oʻz oʻrnida ushbu taklifni qoʻllab-quvvatladi hamda tomonlar pilot loyiha dasturini ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati. .