Tadbir Oq uyda boʻlib oʻtgan C5+1 formatidagi “AQSH — Markaziy Osiyo” sammiti yakunlariga bagʻishlandi.
Muhokamada AQSH maʼmuriyati va Kongressi vakillari, shuningdek, Amerika ekspert va tahliliy hamjamiyatining taniqli vakillari ishtirok etdi.
Kongress aʼzosi Dina Titus ishtirokchilarga tabrik soʻzi bilan murojaat qildi. Tadbirni Atlantika Kengashining Yevrosiyo markazi katta direktori va AQSHning Oʻzbekiston va Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Xerbst boshqardi.
Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov ishtirok etdi.
SMTI direktori oʻz nutqida sammit yangi siyosiy va iqtisodiy voqelik — Yangi Markaziy Osiyo paydo boʻlganining eʼtirofi ekanligini taʼkidladi.
“Ushbu sammit shunchaki muloqotning navbatdagi raundi emas. Bu Qoʻshma Shtatlar tomonidan mintaqaviy konsolidatsiya jarayonini qoʻllab-quvvatlash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mustaqilligini mustahkamlash, shuningdek, yangi voqelikni — yanada jipslashgan va dunyoning yetakchi davlatlari uchun samarali hamkor boʻla oladigan Yangi Markaziy Osiyoning paydo boʻlishini eʼtirof etishning bir koʻrinishi boʻldi”, — dedi SMTI direktori.
Uning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda mintaqa postsovet hududidagi eng chuqur oʻzgarishlardan birini boshdan kechirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan ochiqlik va yaxshi qoʻshnichilik siyosati mintaqa mamlakatlari oʻrtasida ishonch va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash muhitini shakllantirishga zamin yaratdi.
“Avvalgi raqobat barqaror rivojlanish faqat hamkorlik orqali mumkin degan tushuncha bilan almashtirildi. Bugungi kunda mintaqa bir ovozdan gapiradi va umumiy muammolarni hal qilishda yetuklik va masʼuliyatni namoyish etadi”, dedi SMTI rahbari.
Mintaqaviy savdo besh barobar, oʻzaro investitsiyalar ikki barobar oʻsgani, hatto pandemiya davrida ham Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralari hayotiy muhim taʼminotlar uchun ochiq qolgani kollektiv barqarorlik namunasi boʻlganini qayd etdi.
SMTI direktorining soʻzlariga koʻra, ushbu sammit Markaziy Osiyoning Yevroosiyoda yangi geoiqtisodiy dinamikaning rivojlanayotgan markazi sifatida tan olinishini anglatadi.
Bu mintaqa strategik joylashuvi, resurslari va oʻsib borayotgan salohiyati tufayli yetakchi davlatlarning eʼtiborini tobora koʻproq jalb qilmoqda.
“Tenglik, ochiqlik va manfaatlar muvozanati tamoyillariga asoslangan oʻzaro taʼsirning yangi arxitekturasi asta-sekin shakllanmoqda. Markaziy Osiyo yirik oʻyinchilar oʻrtasidagi raqobat emas, balki hamkorlik makoni boʻlib qolishi kerak”, deb taʼkidladi SMTI rahbari.
Uning qayd etishicha, Qoʻshma Shtatlar mintaqaning strategik avtonomiyasi va texnologik rivojlanishiga koʻmaklashish orqali uning ochiqligi va barqarorligini saqlashda muhim rol oʻynashi mumkin.
Sheriklikning eng muhim yoʻnalishi sifatida Qoʻshma Shtatlar bilan texnologik va taʼlim sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
"Gap nafaqat eng yangi texnologiyalardan foydalanish, balki inson kapitaliga — yoshlarimizning bilimi, koʻnikmalari va kasbiga sarmoya kiritish haqida bormoqda", — dedi SMTI rahbari.
Soʻzining yakunida SMTI direktori Markaziy Osiyo oʻz ovozi xalqaro maydonda tobora balandroq yangrayotganini, yangi bosqichga qadam qoʻyayotganini taʼkidladi.
«AQSH bilan hamkorligimiz kimgadir qarshi emas, balki — taraqqiyot, barqarorlik va farovonlik uchun qurilishi kerak. Bugun bizda umumiy qarashni umumiy yutuqqa aylantirish uchun tarixiy imkoniyat bor,« — deya xulosa qildi u.
Tashrif davomida Eldor Aripov AQSH Tashqi siyosat kengashi qoshidagi Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti raisi Frederik Starr, Kaspiy siyosat markazi ijrochi direktori Efgan Nifti va Atlantika kengashining Yevrosiyo markazi katta direktori Jon Xerbst bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar yaqin kelajakdagi istiqbolli yoʻnalishlar va aniq hamkorlik loyihalarini muhokama qilishdi.











