AQShning 14 shtati Tramp va Mask ustidan sudga murojaat qildi

    AQShning 14 shtati vakillari AQSh Prezidenti Donald Tramp va Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask ustidan sudga murojaat qildi. Bu haqda ABC News xabar bermoqda.

    Da'vo arizasida aytilishicha, Maskning tayinlanishi AQSh Konstitutsiyasiga zid keladi, chunki u Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak bo'lgan lavozimda ishlaydi.

    “Demokratiya uchun davlat hokimiyatining yagona, saylanmagan shaxs qo'lida to'planishidan kattaroq xavf yo'q”, deyiladi da'vo arizasida.

    Da'vo Nyu-Meksiko Bosh prokurori Raul Torres va Arizona, Michigan, Merilend, Minnesota, Kaliforniya, Nevada, Vermont, Konnektikut, Rod-Aylend, Massachusets, Oregon, Vashington va Gavayi rasmiylari tomonidan kiritilgan.

    Nyu-Meksiko boshchiligidagi shtatlar Maskga “misli ko'rilmagan” vakolatlar berilganini ta'kidlashmoqda, bu esa unga federal agentliklarni tarqatib yuborish va qonunchilik ruxsatisiz byudjetlarni qisqartirish imkonini beradi. Sudga, shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) 26 nafar xodimi va pudratchilari DOGE vakolatlarini cheklashni so'rab murojaat qilgan.

    Bir qancha idoralar ma'murlari DOGEning maxfiy ma'lumotlarga kirishini allaqachon cheklab qo'ydi va sud agentlikka USAIDning 2000 dan ortiq xodimlarini ishdan bo'shatishni vaqtincha taqiqladi. Da'vogarlar Maskning barcha qarorlarini noqonuniy deb e'lon qilishni va Senat tomonidan tasdiqlanmaguncha uning faoliyatini to'xtatib qo'yishni talab qilmoqda.

    Tramp ma'muriyati Mask qonun doirasida harakat qilayotganini va USAID hukumat xarajatlarini qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurashish ustida ishlayotganini ma'lum qildi, deb xabar beradi rbc.ru.