AQShning Eronga hujumidan keyin neft narxi ko'tarildi

    Bloomberg: AQShning Eronga hujumi fonida Brent neftining narxi bir barrel uchun 81 dollardan oshib ketdi.

    Amerika Qo'shma Shtatlari harbiy-havo kuchlarining Erondagi uchta yadroviy obyektga zarba berganidan so'ng Brent neft narxi bir barrel uchun 81,4 dollarga yetdi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

    Qayd etilishicha, neft narxining o'sishi 5,7 foizga etgan. Brent neftining narxi oxirgi marta yanvar` oyi oxirida bir barrel` uchun 80 dollardan oshgan edi. Soha mutaxassislarining fikricha, yaqin kelajakda narxlarning bir barrel uchun 100 dollargacha sakrashi kutilmoqda.

    Avvalroq Eron tankerlarning Ho'rmuz bo'g'ozi orqali harakatlanishini taqiqlamoqchi ekanligi ma'lum bo'lgan edi. Bunday qadam AQShning mamlakat yadroviy inshootlariga zarba berishiga javoblardan biri bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, Tehron bu hududda neft tankerlarining harakatini to'sib qo'yish niyatida ekani xabar qilingandi.

    22-iyun, yakshanbaga o'tar kechasi AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy inshootlarini bombardimon qilish boshlanganini ma'lum qildi. AQSh harbiy-havo kuchlari Fordo, Natanz va Isfahondagi obyektlarni nishonga oldi. Ta'kidlanishicha, operatsiya bir martalik operatsiya bo'lib, Tramp tegishli signallarni rasmiylar orqali yuborgan, deb xabar beradi lenta.ru.