Onlayn-muloqotda Taʼlim maktabi professori Duglas Xartman, Xalqaro qabul dasturlari direktori Lyuis Kardenas, Ingliz tili markazi tashqi dasturlar koordinatori Mark Olbi va Xalqaro professional dastur direktori Sinyu Vu ishtirok etdi.
Tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, Amerika universitetida mamlakatimiz yoshlarini oʻqitishni tashkil etish, Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari, shuningdek, taʼlim jarayonini takomillashtirish boʻyicha islohotlar jarayoniga amerikalik ekspertlarni jalb etish istiqbollarini muhokama qildi.
Michigan davlat universiteti 1855-yilda Davlat qishloq xoʻjaligi kolleji sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda universitet talabalar soni boʻyicha AQSHdagi eng yirik oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Dunyo boʻyicha 634 mingdan ortiq bitiruvchiga ega. Universitet AQSH hukumati, Taʼlim, Energetika, Qishloq xoʻjaligi, Mudofaa, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, shuningdek, Milliy ilm-fan jamgʻarmasi va boshqa tuzilmalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
Brifingda Michigan davlat universiteti ekspertlari respublikamizda kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlodga maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha boʻlgan barcha bosqichlarda yuqori sifatli taʼlim berish borasida qoʻyilayotgan ustuvor vazifalar bilan batafsil tanishdi.
AQSH va Oʻzbekiston universitetlari oʻrtasida bevosita sheriklik aloqalarini oʻrnatish, “El-yurt umidi” jamgʻarmasini Amerika Qoʻshma Shtatlarida taʼlim dasturlari va stajirovkalarni tashkil etish uchun jalb etish, shuningdek, bu sohada grant dasturlari uyushtirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Brifing ishtirokchilari respublika taʼlim sohasi salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Ularning fikricha, mamlakatimizda xorijiy oliy oʻquv yurtlari filiallarining ochilishiga berilayotgan ustuvorlik strategik yoʻnaltirilgan qadam boʻlib, u oʻz samarasini beradi. Amerika universiteti professorlari fikriga koʻra, bunday siyosatning natijalaridan biri milliy iqtisodiyotni oʻzgartirish boʻyicha xalqaro standartlar asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.
Taʼlim maktabi professori Duglas Xartman mamlakatimizda xorijiy universitetlarning 21 ta kampusi ochilganini katta yutuq, deb atadi. Uning taʼkidlashicha, 2 mingga yaqin talaba oʻqiyotgan Toshkentdagi Vebster universiteti filiali faoliyat boshlagani Oʻzbekistonda oliy taʼlim sohasidagi islohotlarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolat bermoqda.
Ingliz tili markazining tashqi dasturlar koordinatori Mark Olbi xorijiy tillarni oʻqitish sohasida Oʻzbekistonning tegishli muassasalari bilan bevosita muloqot oʻrnatishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston universitetlari va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi vakillari ishtirokida oliy taʼlim sohasida oʻqituvchilar tayyorlash, turli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yangi oʻquv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish, oʻqituvchi va talabalarning almashinuv va oʻquv dasturlaridagi ishtirokini taʼminlash, amerikalik professional oʻqituvchilarni Oʻzbekistonda leksiyalar oʻqishga taklif qilish kabi dolzarb sohalarda muzokaralarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.









