Tashrif doirasida xalqaro kuzatuvchilar uchun Los Anjeles okrugida ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida qoʻllaniladigan zamonaviy raqamli yechimlar taqdimoti hamda davra suhbati boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchilar saylov jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha toʻplangan tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Bundan tashqari, koʻplab mamlakatlarning saylov tizimlarida qoʻllaniladigan muhim texnologik yechimlar ham muhokama etildi.
Xalqaro kuzatuvchilar yangi foydalanishga topshirilgan Los Anjeles okrugidagi saylov byulletenlari bilan ishlash markazi faoliyati bilan ham tanishish imkoniga ega boʻldi. Los Anjeles okrugi kotibi Din Logan va uning ofisi xodimlari xalqaro kuzatuvchilarga Markaz faoliyati, vazifalari va uni tashkil etish bosqichlari haqida axborot berdi.
Kaliforniya shtati qonunchiligiga muvofiq, har bir okrugda saylov byulletenlari markazlashgan tarzda hisoblab chiqiladi.
Xalqaro kuzatuvchilar saylov byulletenlarini qayta ishlashning har bir bosqichi va Markaz xodimlarining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi З.Низамходжаев va Los Anjeles okrugi kotibi Din Logan oʻrtasida suhbat boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.
Los Andjeles okrugida mazkur praymerizlarda ovoz berish huquqiga ega boʻlgan 6,5 million fuqarodan 5,7 million nafari ovoz berish uchun roʻyxatga olingan. Los Anjeles okrugi Qoʻshma Shtatlardagi eng koʻp saylovchilarga ega boʻlgan okrug hisoblanadi. Mazkur saylovlarni tashkil etishga 10 ming nafarga yaqin xodimlar jalb etilgan.