Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Jiddada muzokara o'tkazdi va sarmoyaviy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Bu haqda 11-mart, seshanba kuni Ukraina Prezidenti va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi saytlarida xabar berildi.
“Ukraina savdo-iqtisodiy va energetika sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishdan, shuningdek, Saudiya Arabistonining sarmoyalari va mamlakatimizni tiklashdagi ishtirokidan manfaatdor. Valiahd shahzoda Ukrainaga va uning kelajagiga sarmoya kiritish niyatini tasdiqladi”, deb yozadi Ukraina tomoni.
Saudiya tomonining ta'kidlashicha, yetakchilar energetika, oziq-ovqat sanoati va infratuzilma kabi sohalarda “istiqbolli sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlikni yo'lga qo'yish orqali sarmoyaviy munosabatlarni mustahkamlashga qat'iyliklarini yana bir bor tasdiqlashdi”. Zelenskiy va bin Salmon, shuningdek, “neft, gaz, ularning hosilalari va neft-kimyo sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish istagini bildirdi”, deya qo'shimcha qildi Ar-Riyod, deb xabar beradi dw.com.