“Dunyo“ AAning xabar berishicha, Doktor Mustafo Hodiyer muloqot avvalida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi. U, shuningdek, mamlakatimiz bilan yaqindan hamkorlik qilish va yaqin istiqbolda akademiyaning Markaziy Osiyodagi filialini Toshkentda ochishga qiziqish bildirdi.
— Akademiya arab davlatlaridagi xalqaro moliya institutlari va yirik banklardan investitsiya jalb qilish, Yaqin Sharq moliya tizimini Oʻzbekiston bilan integratsiyasini mustahkamlash, bank ishi sohasida malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, Islom moliyasi boʻyicha hukumatga va banklarga tegishli konsultatsiyalar berishda koʻmaklashishga tayyor, — dedi Mustafo Hodiyer.
Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Arab menejment, bank ishi va moliya akademiyasi 1988-yilda Arab banklar ittifoqi bosh assambleyasi va Arab maʼmuriy rivojlanish tashkiloti tomonidan tashkil etilgan.
Akademiyaning bosh qarorgohi Qohira shahrida joylashgan. Uning Iordaniya, Suriya, Liviya, Sudan, Yaman, Falastin, Jibuti, Jazoir, Saudiya Arabistoni, Kuvayt va Malida filiallari bor. Akademiyada taʼlim ingliz, fransuz va arab tillarida olib boriladi.
Akademiya AACSB – Biznes taʼlimi alyansi, Afrika universitetlari uyushmasi, Arab universitetlari uyushmasi va Xalqaro universitetlar uyushmasi aʼzosi hisoblanadi.
Mazkur oliy taʼlim muassasasi tomonidan beriladigan diplom barcha arab davlatlarida eʼtirof etiladi.