Aralash moliyalashtirish istiqbollari qanday?

    Oʻzbekiston 2015-yildan buyon BMT tomonidan ilgari surilgan va 2030-yilga qadar Global kun tartibida boʻlgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirib kelmoqda.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari aralash moliyalashtirishning jahon tajribasi va bu yoʻnalishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi.

    Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotga 2026-yilga qadar jami 120 milliard AQSH dollari, jumladan, 70 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish belgilangan. Bu esa yangi innovatsion moliyalashtirish manbalaridan keng foydalanishni talab etadi.

    Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun tijorat mablagʻlarini jalb qilishda aralash moliyalashtirishdan foydalanish Oʻzbekiston singari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muhim ahamiyatga ega.

    Aralash moliyalashtirish yondashuvidan davlat va homiylik fondlari loyihaning xatarli jihatlarini kamaytirish (kafillik va xatarlarni sugʻurtalash, loyihalashtirishda texnik yordam koʻrsatish) hamda moliyalashtirish hajmini oshirish va sarmoya qiymatini (tannarxini) kamaytirish (imtiyozli kreditlar, qoʻshma fondlar va moliyalashtirish) maqsadida foydalaniladi.

    Masalan, tailandlik tadbirkor K.Vandi “quyosh fermasi” qurish uchun kreditorlarga murojaat qilganida, ular bunday tekshirilmagan bozorga pul ajratishni istamagandi. 2011-yilda tadbirkorga Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan jami 8 million AQSH dollari miqdorida tijorat krediti, shu jumladan, Iqlim investitsiya fondi 4 million AQSH dollari hajmida imtiyozli kredilarni (past foizda) taqdim etdi. Buning natijasida ushbu sohaga boʻlgan ishonch ortib, kompaniya 2015-yilda qoʻshimcha 800 million AQSH dollari miqdoridagi xususiy sektor mablagʻlarini jalb qilishga erishdi.

    Bugungi kunda rivojlanayotgan mamlakatlar aralash moliyalashtirishdan foydalanib, barqaror rivojlanish maqsadlariga qariyb 172 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan. Aralash moliyalashtirish boʻyicha dunyoda yetarlicha tajriba toʻplangan boʻlsada, yurtimizda ushbu sohada dastlabki qadamlar qoʻyilmoqda.

    “Yashil” energiya boʻyicha BAAning yirik kompaniyalaridan biri “Masdar” Oʻzbekistonda shamol va quyosh elektrostansiyalarini qurishda aralash moliyalashtirishdan foydalangan holda jami 154 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalarni jalb qildi. Ushbu mablagʻlar Xalqaro moliya korporatsiayasi (XMK), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Kanada iqlim fondi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Gollandiya tadbirkorlikni rivojlantirish banki tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar asosida shakllantirildi.

    BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondiga Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Norvegiya davlatlari va Yevropa investitsiya banki, Kreditanstalt fur Wiederaufbau banki (Germaniya) tomonidan jami 163,5 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar aralash moliyalashtirish orqali ajratildi. Ushbu moliyaviy resurslar aholini toza ichimlik suv, sifatli tibbiy xizmat bilan taminlash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoʻnaltiriladi.

    Aralash moliyalashtirish tushunchasi paydo boʻlganiga koʻp vaqt oʻtmagan esada, mamlakatimizda jadal surʼatlarda rivojlanayapti va yaqin istiqbolda oʻz samarasini beradi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti