Aralash saylov tizimi va uning oʻziga xos xususiyatlari

    Aralash saylov tizimi oʻzida ikkita — proporsional va majoritar saylov tizimini uygʻunlashtirgan.

    Keyingi yillarda parlamentimiz hamda davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatida izchil yangilanishlar, jumladan, davlat boshqaruvida siyosiy partiyalar rolini yanada kuchaytirish, vakillik organlariga saylangan deputat va senatorlarning parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatidagi masʼuliyati va faolligini oshirish borasida tizimli huquqiy islohotlar kechmoqda.

    Jumladan, 2023-yil 18-dekabr kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan Saylov kodeksi va amaldagi yettita qonunga saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibini mamlakatimiz siyosiy hayotida amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijalariga, siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib borayotgan xalqimiz talablariga, shuningdek, rivojlangan demokratik huquqiy davlatlarning ilgʻor amaliyotiga uygʻunlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Saylov kodeksiga kiritilgan yangi normalarga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi, yaʼni majoritar va proporsional saylov tizimi asosida oʻtkazish belgilandi. Zero, bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan, saylovchilarning xohish-istaklari, talablariga toʻla javob beradigan, saylovni aholi uchun eng maqbul shaklda tashkil etish va oʻtkazish tartiblari hamda saylov tizimlari mavjud. Ular, ayniqsa, aralash saylov tizimidan samarali foydalanib kelmoqda. Shu sababli Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida oʻtkazish tartibi belgilangan.

    Aralash saylov tizimi

    Aralash saylov tizimi oʻzida ikkita — proporsional va majoritar saylov tizimini uygʻunlashtirgan. Unda vakillik organidagi deputatlik oʻrinlarining bir qismi deputatlikka nomzodlarning partiya roʻyxatiga muvofiq siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda, ikkinchi qismi esa bevosita siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglaridan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlarga berilgan ovozlar natijasiga koʻra taqsimlanadi.

    Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil oktyabrda rejalashtirilgan saylovi ham aynan aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Bunda Qonunchilik palatasining 75 deputati avvalgidek bevosita bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 deputat siyosiy partiyalarning saylovda olgan ovozlari soniga proporsional tarzda, partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati boʻyicha saylanadi.

    Majoritar saylov tizimi boʻyicha siyosiy partiya bir mandatli saylov okruglarining har biridan bittadan, jami 75 ta deputatlikka nomzodni koʻrsatish huquqiga ega. Proporsional saylov tizimida yagona saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning roʻyxatiga kamida 75, koʻpi bilan 100 nafar nomzod kiritilishi lozim.

    Saylov kodeksi talablariga muvofiq, partiya roʻyxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning aʼzolari yoki partiyasiz boʻlishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning aʼzolari ushbu roʻyxatga kiritilishi mumkin emas. Ayni bir nomzod faqat bitta partiya roʻyxatiga kiritiladi. Bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻrsatilgan nomzodlar ham partiya roʻyxatiga kiritilishi mumkin emas.

    Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari boʻyicha, shuningdek, partiya roʻyxati asosida siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida qirq foizini (avval bu miqdor oʻttiz foiz edi) tashkil etishi kerak. Bunda partiya roʻyxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nomzodning ikki nafari ayol kishi boʻlishi lozim. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi boʻyicha saylov oʻtkazilishi munosabati bilan har bir saylovchiga saylov kuni majoritar saylov tizimi boʻyicha bitta, proporsional saylov tizimi boʻyicha ham bitta, jami ikkita saylov byulleteni beriladi.

    Bu yerda quyidagilarga alohida eʼtibor berish lozim:

    — majoritar saylov tizimida: bir mandatli saylov okruglari boʻyicha oʻtkaziladigan saylovda saylov byulleteniga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlarning ism-sharifi kiritilgan boʻladi;

    — proporsional saylov tizimida: Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi boʻyicha oʻtkaziladigan saylovda saylov byulleteniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi kiritiladi.

    Saylov byulletenini toʻldirishda saylovchi mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etadi, shu tariqa oʻzi maʼqul deb topgan deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz beradi.

    Majoritar saylov tizimi

    Majoritar saylov tizimi davlat hokimiyati va mahalliy hokimiyat vakillik organlarini (parlament, xalq deputatlari mahalliy kengashlari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqalar), shuningdek, davlat rahbarini saylash uchun oʻtkaziladigan saylov tizimi boʻlib, unda, asosan, bir mandatli saylov okrugi boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Kam ovoz olgan nomzodlar uchun berilgan saylovchilar ovozi inobatga olinmaydi.

    Masalan, Hindiston, Buyuk Britaniya, AQSH va Meksika kabi davlatlarda majoritar saylov tizimi mavjud. Hozirgi zamon konstitutsiyaviy huquqida majoritar saylov tizimining uchta turdagi koʻrinishi — mutlaq, malakali hamda nisbiy koʻpchilik ovozga asoslangan koʻrinishlari mavjud. Mutlaq koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimida bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻrsatilgan nomzodlar uchun ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining (50 foiz + 1 va undan ortiq) ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Bunday saylov tizimi Rossiya, Ukraina, Finlyandiya, Polsha, Chexiya, Litva kabi davlatlarning parlament deputatlari saylovlarida amal qiladi.

    Koʻppartiyaviylik sharoitida oʻtkaziladigan saylovlarning birinchi turidayoq ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini toʻplash oʻta murakkab. Agar bir mandatli saylov okrugidan uch yoki undan ortiq nomzod saylovda ishtirok etayotgan boʻlsa-yu, birinchi tur saylovida hech bir nomzod mutlaq koʻpchilik ovozni toʻplay olmasa, unda saylov okrugi boʻyicha saylovchilarning eng koʻp ovozlarini toʻplagan ikki nomzod oʻrtasida takroriy ovoz berish oʻtkaziladi.

    Mustaqillik yillarida mamlakatimizda oʻtkazilgan saylovlar amaliyotidan maʼlumki, besh nafar nomzod ishtirok etgan bir mandatli saylov okruglarida birinchi turdayoq ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning koʻpchiligi ovozini olishda muayyan qiyinchiliklar kuzatilgan. Shuning uchun saylovlarda ikkinchi turlar oʻtkazib kelingan. Masalan, 2019-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir yuz ellikta bir mandatli saylov okrugidan 25 tasida ikkinchi tur saylovi, yaʼni takroriy ovoz berish boʻlib oʻtgan. Bu, albatta, vakillik organlarini toʻliq shakllantirishda qoʻshimcha vaqt talab qiladi. Takroriy ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish uchun qoʻshimcha resurs va mablagʻ sarflanadi.

    Malakali koʻpchilik ovozga asoslangan majoritar saylov tizimida bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻrsatilgan nomzodlar uchun ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning qonunchilikda belgilangan talabga muvofiq 2/3 yoki 3/4 qismi ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Koʻrinib turibdiki, bu usul mutlaq koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimidan ham murakkabroq.

    Amaliyotda asosan, bu usuldan koʻproq Konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilish yoki Konstitutsiyaga oid boshqa masalalarni hal etishda, ayrim hollarda davlat va hukumat rahbarini saylashda foydalaniladi. Masalan, Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchiligi tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun yoki Oʻzbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi”, deb aniq belgilab qoʻyilgan.

    Xorijiy davlatlar amaliyotiga eʼtibor qaratsak, Italiya Konstitutsiyasida parlament tomonidan mamlakat Prezidentini saylashda deputatlarning kamida 2/3 qismining ovozini yigʻish talab etilishi belgilanganini koʻrishimiz mumkin. Nisbiy koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimida bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻrsatilgan nomzodlar uchun ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Ushbu saylov tizimi Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSH kabi davlatlarda parlament deputatlari saylovida amal qiladi.

    Hozirgi demokratik davlatlarda koʻppartiyaviylik sharoitida oʻtkaziladigan saylovda aynan nisbiy koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimidan foydalanish qulay, sodda va eng maqbuli sanaladi. Chunki bir mandatli saylov okrugidan qancha nomzod koʻrsatilgan boʻlishidan qatʼi nazar, boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz toʻplagan nomzod saylangan hisoblanadi. Bunda takroriy ovoz berish yoki saylovning ikkinchi turini oʻtkazishga ehtiyoj qolmaydi. Natijada ortiqcha vaqt, resurs va mablagʻ sarf-xarajatining oldi olinadi. Vakillik organlari toʻliq tarkibda, nisbatan ertaroq shakllanishi va faoliyatini yoʻlga qoʻyishi mumkin boʻladi.

    Ushbu afzalliklarni inobatga olgan holda Saylov kodeksiga “saylovda bir mandatli saylov okruglari boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi”, degan oʻzgartirish kiritildi. Endi mamlakatimiz vakillik organlarini shakllantirish, xususan, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha deputatlarni saylashda nisbiy koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimi amal qiladi. Avval parlament saylovlarida ham, xalq deputatlari kengashlari saylovlarida ham mutlaq koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimi amal qilib kelgan.

    Proporsional saylov tizimi

    Proporsional saylov tizimi xalqaro amaliyotda mavjud saylov tizimlaridan biri boʻlib, majoritar saylov tizimidan bir asr keyin vujudga kelgan. Saylov proporsional tizim asosida oʻtkazilganda, deputatlik mandatlari, yaʼni vakillik organida mavjud deputatlik oʻrinlari siyosiy partiyalar tomonidan shakllantirilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxatlari uchun siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Majoritar saylov tizimidan farqli oʻlaroq, saylovchi bevosita deputatlikka nomzod shaxsga emas, balki saylovda ishtirok etayotgan, deputatlikka nomzodlar roʻyxatini taqdim etgan siyosiy partiyaga ovoz beradi.

    Hozirgi kunda proporsional saylov tizimi ancha keng tarqalgan, Ispaniya, Latviya, Xorvatiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarda saylov koʻpincha proporsional saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Proporsional saylov tizimida saylov natijalarini aniqlashda qonunchilikda vakillik organida mavjud deputatlik mandatlariga daʼvogarlik qilish uchun siyosiy partiyalar qoʻlga kiritishi zarur boʻlgan ovozlarning asosan toʻrt yoki besh foizlik eng kam miqdori (oʻtish plankasi, baryeri) belgilanadi. Masalan, Oʻzbekiston Saylov kodeksiga, Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega boʻladi. Saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiya qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordagi yoki undan koʻproq saylovchilarning ovozini toʻplay olsagina, unga deputatlik mandatlari taqsimlanadi. Buning uchun, avvalo, saylovchilar bergan ovozlar vakillik organida mavjud deputatlik oʻrinlari soniga boʻlinadi. Natijada bitta mandat (deputatlik oʻrni) uchun toʻplanishi lozim boʻlgan ovozlar miqdori maʼlum boʻladi va u saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. Soʻng saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoqlab bergan ovozlari alohida-alohida hisoblab chiqiladi. Har bir siyosiy partiya olgan ovozlar soni saylov koeffitsiyentiga boʻlinadi, natijada mazkur partiya ega boʻlgan deputatlik oʻrinlarining umumiy soni aniq boʻladi.

    Odatda proporsional saylov tizimining ikki xil koʻrinishi mavjud. Birinchisi, umumdavlat darajasidagi proporsional saylov tizimida mamlakat hududi saylov okruglariga boʻlinmaydi. Siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilayotgan deputatlikka nomzodlarning partiyaviy roʻyxati butun mamlakat hududi boʻyicha shakllantirilgan holda taqdim etiladi. Saylovchilar ushbu partiyaviy roʻyxatni inobatga olgan holda siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz beradi (parlamentdagi deputatlik mandatlari partiyalarning olgan umumiy ovozlariga mutanosib ravishda yagona saylov okrugi boʻyicha taqsimlanadi).

    Ikkinchisi, koʻp mandatli okruglarga asoslangan proporsional saylov tizimida mamlakat hududi yirik maʼmuriy-hududiy birliklarni inobatga olgan holda saylov okruglariga boʻlinadi. Siyosiy partiyalar tomonidan saylov okruglari kesimida deputatlikka nomzodlarning partiya viy roʻyxatlari taqdim etiladi. Bunda saylovchilar deputatlikka nomzodlarning partiyaviy roʻyxatlarini inobatga olgan holda saylov okruglari kesimida siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz beradi (parlamentdagi deputatlik mandatlari partiya larning har bir saylov okrugida olgan ovozlariga mutanosib ravishda, saylov okruglari kesimida taqsimlanadi).

    Xullas, proporsional saylov tizimida saylovchilar siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Qaysi siyosiy partiya qancha ovoz olganiga qarab deputatlik oʻrinlariga ega boʻladi.

    Saylov kodeksiga muvofiq, Qonunchilik palatasidagi bir yuz ellikta deputatlik oʻrnidan yetmish beshtasi proporsional saylov tizimi boʻyicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib holda taqsimlanadi. Masalan, saylovda ishtirok etgan saylovchilarning 40 foizi qaysidir siyosiy partiyani yoqlab ovoz bergan boʻlsa, demak, mazkur siyosiy partiya Qonunchilik palatasida mavjud 75 ta deputatlik oʻrnining 40 foizi, yaʼni taxminan 30 ta deputatlik oʻrnini qoʻlga kiritgan hisoblanadi.

    Proporsional saylov tizimining afzalliklaridan biri oraliq saylov, yaʼni muddatidan oldin boʻshab qolgan deputatlik oʻrni uchun saylov oʻtkazilmasligida namoyon boʻladi. Chunki saylovchilar saylov kampaniyasi davrida proporsional saylov tizimi boʻyicha siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning partiya roʻyxatini inobatga olgan holda siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz berib boʻlgan. Har bir partiya roʻyxatida 75 nafardan 100 nafargacha deputatlikka nomzod mavjud. Saylov yakuniy natijalariga koʻra, biror siyosiy partiya ellik foiz saylovchilar ovozini olgan taqdirda ham u tomonidan taqdim etilgan roʻyxatdagi deputatlikka nomzodlarning koʻpi bilan 38 nafari deputat etib saylanadi, partiya roʻyxatida qolgan 37 nafardan 62 nafargacha nomzod zaxirada turadi. Proporsional saylov tizimi boʻyicha qaysi partiyadan saylangan deputatning vakolati muddatidan ilgari tugatilsa, uning oʻrni ushbu partiyaning partiya roʻyxatida zaxirada boʻlgan deputatlikka nomzodlarning navbatdagisi hisobiga toʻldiriladi.

    Xulosa qilib aytganda, aralash saylov tizimi jamiyatda saylovchilarning huquqiy ongini yuksaltirish, ijtimoiy- siyosiy faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Zero, saylovchi nafaqat nomzodlarning shaxsi, balki dasturlari, gʻoyalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq turmushini yanada farovonlashtirish boʻyicha ilgari surayotgan takliflari bilan ham yaqindan tanishadi, oʻrganadi, ularni real hayotda nechogʻliq tatbiq etish imkoniyatlari mavjudligini baholaydi. Shundan soʻng muayyan qarorga keladi hamda oʻzi lozim topgan nomzodni va siyosiy partiyani qoʻllab-quvvatlaydi.

    Aralash saylov tizimida siyosiy partiya larning masʼuliyati yanada ortadi. Qaysi siyosiy partiya oʻz dasturi orqali maqsadlari, jozibador gʻoyalarini ifoda etib, ularni roʻyobga chiqarish uchun real imkoniyatlarga ega ekaniga xalqni ishontira olsa, buning uchun munosib harakat qilsa, aholi tomonidan kengroq qoʻllab-quvvatlanishga, saylovchilarning koʻproq ovozini olishga erishadi.

    Xudoyor MAMATOV,

    Markaziy saylov komissiyasi kotibi,

    yuridik fanlar doktori, professor