Aravachada o'tirib, poyabzal to'qiyotgan Malika

    "Poyabzal tayyor bo'lgach, o'zimda yo'q quvonaman".

    Yoz oqshomlarining biri. Osmonga sinchkovlik bilan tikilib turgan 6 yoshli Malika dadasiga yuzlanib dedi:

    — Dada nima uchun quyosh — bobo, oy — momo? Bobolar kuchli, hech narsadan qo'rqmas bo'lishi kerakku, nega quyosh kunduzi chiqadi, u qorong'ulikdan qo'rqadimi?

    Rustam aka doimgidek Malikani bag'riga bosgancha bosiqlik bilan tushuntirdi: “Quyosh yer yuzidagi barcha insonlarga kattadan katta imkoniyatlar beradi: yashash, o'qish, o'rganish, izlanish. Shuning uchun ham u — bobo, kuchli. Har tong uyg'onganimizda oldimizda maqsadlarimiz, rejalarimiz bo'lishi kerak. Har kun — yangi imkoniyat demak. Uni behuda o'tkazmasligimiz zarur”. Dadasi shu gaplarni aytdi, keyin bolalarga xos tilda g'ijjalab tushuntirdi.

    O'shandayoq inson har bir kunidan unumli foydalana olishi, doim samarali ishlar bilan band bo'lishi kerakligi sabog'ini olgan Malika uchun dadasining gaplari hayotiy me'zonga aylandi. YOshligidan o'zi uchun rejalar tuzishga, ularni amalga oshirishga odatlandi. O'rta ta'limni tugatgach, avvaliga kashta tikish, munchoqlar yordamida gullar yasash, keyinchalik esa to'quvchilikka mehr qo'ydi.

    Hunarmand ahli kamgap, kamsuqum bo'lar ekan. Boisi, qo'li doim mehnatda, har soniyaning oltindan qimmat ekanini juda yaxshi anglaydi. Malikaning eng yomon ko'rgani: vaqtni behuda o'tkazish, imkoniyatlardan o'rinli foydalanmaslik. Shundanmi, u sira tinim bilmaydi. Uning qo'lda to'qigan oyoq kiyimlariga qarab turib, imkoniyati cheklangan bir qizda shunchalik iqtidor borligiga tahsin aytasiz.

    Jizzax shahrida istiqomat qiladigan qahramonimiz to'qqiz yoshida avtohalokat sabab nogiron bo'lib qolgan. Umurtqa pog'onalari, oyoqlariga etgan jarohat sabab aravachaga mixlandi. Xotirasini ham qisman yo'qotib, ko'plab voqealarni eslolmaydi. Ammo taqdirning bu hukmi uning irodasini buka olmadi. Dadasining o'gitlari, vaqtni behuda sarflamaslik haqidagi gaplari shuurida saqlanib qolgandi. Mana shu nasihatlar unga yana kuch bag'ishladi. Aravachada o'tirib ham ko'plab ishlarni amalga oshira olishiga ishonar edi. Dastlab opasidan to'qish sirlarini o'rgandi. Kollejni tamomlagach esa o'quv kurslarida tahsil oldi. U to'qigan kiyimlar tezda ko'pchilikning e'tiboriga tushdi. Mahalladagi qizlar ham bu hunarni o'rganish uchun Malikaning uyiga kela boshladi. Shu tariqa shogirdlari soni ortib bordi.

    To'rt yil avval oyoq kiyim to'qishga bo'lgan qiziqishi Malikaga tinchlik bermadi va sinchkovlik bilan to'qish sirlarini o'rgandi. Hunariga tayanib, tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishga intildi. Faqat unga xomashyo — poyabzalning tag qismi, maxsus iplar uchun mablag' zarur edi. Qahramonimiz 2018-yilda hunarmandlar uyushmasiga a'zo bo'ldi va soha mutaxassislarining maslahatlari bilan bankdan kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini boshladi.

    Bugun Malikaning kichik bo'lsada, o'z biznesi bor. Uyda o'tirib hunari ortidan yaxshigina daromad ko'radi, xonadonining kam-ko'stini to'ldirishga hissa qo'shadi. Quvonarlisi, ishsiz ayollarga mahorat darslarini o'tib, ularnida daromad ko'rishiga turtki bo'ladi.

    — Yurtimizda biz yoshlaring intilishimiz, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo. O'zini-o'zi band qilish, hunari va qiziqishlaridan kelib chiqib, tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish, ish o'rinlari yaratish masalalariga bo'lgan e'tibor tubdan o'zgardi, — deydi Malika Egamqulova. — Biznes sohasiga qiziqqan yoshlar, shuningdek, usta hunarmandlarning o'z iqtidoridan foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishlari uchun barcha eshiklar ochiq ekani ayni muddao bo'ldi. Maqsadim sari intilib, tadbirkorlik faoliyatimni boshlab oldim.

    Har bir ishning o'ziga yarasha zaxmati, qiyinchiliklari bor. To'quvchilik ham katta sabr, diqqat talab qiladi. Kalava ipni buyum holatiga keltirish oson emas, albatta. Ishni hunarmandlik buyumlari yasashdan boshlagan Malika poyabzal tikishni ham ana shunday sabr va qunt bilan o'rgandi.

    — Bitta oyoq kiyimni tayyorlashga bir kun vaqt sarflanadi, — deydi qahramonimiz. — Poyabzal tayyor bo'lgach, o'zimda yo'q quvonaman. Xaridorlar uning qulay va bejirimligini aytishganda, shijoatimga shijoat qo'shiladi. Ba'zan kechalari uxlamasdan buyurtmalarni tayyorlayman. Bilasizmi, inson o'zi harakat qilsa, hamma ishga ulgurishi, har bir yumushni uddalashi mumkin. Ba'zi insonlardagi boqimandalik kayfiyatini ko'rib, to'g'risi, xafa bo'laman. Baliq yoki qarmoqni taklif qilsangiz, ko'pchilik baliqni tanlaydi. O'ylashmaydiki, qarmog'ing bo'lsa, baliq doim qo'lingda. Xuddi shunday, kimdandir yordam kutib yashash juda yomon. Agar qo'lingizda hunaringiz bo'lsa, bu bir umrlik boylik degani. Bugun zamon shiddat bilan rivojlanayapti. Qolaversa, mehnat qilib daromad ko'raman, deganga qanchadan qancha imkoniyatlar mavjud. Olma pish, og'zimga tush, deb o'tirish yaramaydi.

    Malika “Tashabbus — 2019” ko'rik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritgan va Respublika bosqichida ishtirok etib, yutuqqa erishgan. O'sha yili Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Hozirda u “Yoshlar daftari”ga kiritilib, o'quv kursida o'qib, sertifikatga ega bo'ldi va o'z bilimlarini yanada boyitdi. Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida yana bir bor kredit oldi.

    — “Men yurtimga kerakman”, degan tuyg'u bilan yashayman. ehtimol, aynan shu ishonch menga kuch berar. Tengdoshlarimga ishzislikni ro'kach qilmang, mavjud imkoniyatlardan foydalaning, vaqtni zoe ketqazmang, degan bo'lar edim, — deydi Malika.

    Haqqirostki, milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, qo'li gul hunarmandlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish yo'lida yaratilgan imkoniyatlar natijasida hunarmandlik ravnaqiga keng yo'l ochildi. Ularning xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarib, xalqimiz faravonligini oshirishi, aholi bandligini ta'minlashiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Malika mana shunday imkoniyatlardan o'rinli foydalanib kelayotgan tengdoshlarimizdan. Imkoniyati cheklangan bo'lishiga qaramay, mehnat qilishdan tolmaydigan, intiluvchan qahramonimiz barchamiz uchun ibratdir.

    Feruza JO'RAYEVA,

    jurnalist