Armanistonda suv toshqini yuz berdi

    Armaniston shimolida Debed daryosining qirg‘oqlaridan suv toshib ketishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqini infratuzilmaning jiddiy vayron bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

    Ma’lumotlarga ko‘ra 1 kishi halok bo‘lgan. Respublika Ichki ishlar vazirligining 26 may kuni bergan maʼlumotlariga koʻra, tabiiy ofat avtomobil yoʻllari, koʻpriklar va temir yoʻl liniyalariga zarar yetkazgan.

    Tabiiy ofatning asosiy zarbasi Lori mintaqasiga tushdi. Vanadzor-Alaverdi avtomagistralida yo‘lning 50 metrga yaqin qismi vayron bo‘lgan, Ayrum bekatidagi bir necha uy va xo‘jalik inshootlari suv ostida qolgan. Avtomobillarning ko‘p qismi daryoga oqib ketgan, hozirda bedarak yo‘qolgan fuqarolarni qidirish ishlari olib borilmoqda. Suv toshqini natijasida Sanaxin stansiyasini Alaverdi shahri bilan bog‘lovchi Debed daryosi ustidagi ko‘prik vayron bo‘lgan.

    Mahalliy hukumat Dzoraget qishlog‘ining 70 nafar aholisini xavfsiz joyga evakuatsiya qildi. Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish va shikastlangan infratuzilmani tiklash ishlari bir vaqtning o‘zida olib borilmoqda.

    Suv toshqini tufayli Armanistonni Gruziya bilan bog‘lovchi M-6 avtomobil yo‘li yopildi. Yo‘l boshqarmasi haydovchilarni M-3 va M-1 avtomobil yo‘llari orqali muqobil yo‘nalishlardan foydalanishga chaqirdi. Bundan tashqari, Yerevan – Tbilisi – Yerevan yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro temir yo‘l reyslari “Rossiya temir yo‘llari” sho‘ba korxonasi “Janubiy Kavkaz temir yo‘li” tomonidan Ayrum – Axtala uchastkasida sodir bo‘lgan ko‘chki tufayli bekor qilindi.