Mazkur musobaqada ishtirokchi jamoalar belgilangan nishonlarni BI-7,4 kichik kalibrli sport quroli bilan yakson qilish, 300 metrli toʻsiqli yoʻlakdan oʻtish, Dog biatlon (yakkalik poyga) va 1600 metr masofaga (Dog biatlon) estafeta yugurish shartlarida oʻz mahoratlarini koʻrsatishdi. Jamoamiz vakili III darajali serjant Ulugʻbek Nurillayev 300 metr masofadagi toʻsiqlarni xizmat iti bilan yengib oʻtish yoʻlagida yangi rekordni oʻrnatgani ham ushbu gʻalabaga muhim hissa boʻlib qoʻshildi.


Shunday qilib erkaklar jamoalari oʻrtasida oʻtgan murosasiz bahslarda Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan harbiy kinologlarimiz faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrinni esa Rossiya Federatsiyasi jamoasi va uchinchi oʻrinni Belarus vakillari band etishdi.
Bu yilgi musobaqada ayollar jamoamiz ham ilk bor ishtirok etdi. Lekin shunga qaramay tomirida Toʻmaris qoni oqayotgan qizlarimiz bellashuvlarning dastlabki shartlaridan oʻz mahoratlarini koʻrsata oldi va yakunda ilk ishtirokdayoq gʻalabani qoʻlga kiritdi. Ayollar jamoamiz aʼzosi oddiy askar Diyora Valijonova ham 300 metr masofadagi toʻsiqlarni xizmat iti bilan yengib oʻtish yoʻlagida rekord oʻrnatdi. Iroda Olimova esa AK-74 kichik kalibrli sport quroli bilan “Mohir oʻqchi” yoʻnalishida nishonlarni yoʻq qilish boʻyicha 132 ball yigʻib, oʻz nomini rekordchilar qatoriga qoʻshib qoʻydi.

Shunday qilib ayollar oʻrtasidagi musobaqada birinchi oʻrinni Oʻzbekiston, ikkinchi oʻrinni Rossiya Federatsiyasi va uchinchi oʻrinni Aljir Xalq Demokratik Respublikasi jamoalari qoʻlga kiritdi.

Butun Oʻzbekiston xalqini mana shu gʻalaba bilan chin yurakdan tabriklaymiz.
Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti