“ArMI-2020”. Oʻzbekistonliklar jamoaviy bahslarda ham tengsiz

    Harbiy 1 Sentabr 2020 1848

    31-avgust kuni “Forish” togʻ poligonida “ArMI-2020” VI Xalqaro armiya oʻyinlari “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovining soʻnggi sharti bajarildi.

    “Jamoaviy birinchilik” doirasidagi bellashuv xalqaro musobaqaning shu kunga qadar oʻtkazilganlari orasida eng shiddatlisi va tomoshabopi boʻldi. Qolgan jamoalarning tayyorgarligini munosib eʼtirof etgan holda taʼkidlash joizki, shu kuni ham eng yuqori natija uchun asosiy raqobat mezbonlar va rossiyaliklar orasida kechdi.

    Harbiy-tibbiy koʻpkurash musobaqasi shartiga koʻra, ishtirokchilar toʻsiqlardan oʻtish, yaradorlarni jangovar texnikadan xavfsiz hududga olib chiqish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, yaradorlarni suvli toʻsiqdan olib oʻtish va evakuatsiya qilinadigan texnikaga joylashish kabi mashqlarni bajarishdi. “Individual mahorat” bosqichidan farqli ravishda bu yerda jamoa har bir aʼzosining roli, salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Boisi, mashqlarning koʻp qismi ishtirokchilar tomonidan parallel ravishda amalga oshirildi.

    Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, erkaklar bahslarida Oʻzbekiston jamoasi 2572 ball bilan “Jamoaviy birinchilik” bosqichida tengsiz topildi. Asosiy raqobatchilar – rossiyaliklar 1513 ball toʻplab, finishda ikkinchi boʻldi. Uchinchi oʻrinda Belorus jamoasi – 814 ball.

    Ayollar orasida ham yurtdoshlarimiz 1642 ball toʻplab, birinchi oʻrinni egalladi. Rossiya jamoasida 1452 ball. Belorusiyaliklar 554 ball bilan kuchli uchlikning quyi pogʻonasida.

    Navbatdagi shartni ham oʻz foydasiga hal qilgan, ishonchli gʻalabaga erishgan oʻzbekistonlik harbiy tibbiyotchilar 2019-yilda “Forish” togʻ poligoni ilk bor mezbonlik qilgan “Harbiy-tibbiy estafeta”ning “Jamoaviy birinchilik” bosqichida oʻrnatilgan 07ʻ35,9ʻ (erkaklar) va 11ʻ35,6ʻ (ayollar) vaqtlik rekordlarni mos ravishda yangiladilar: 6ʻ28,8ʻ va 10ʻ09,2ʻ.

    Shu bilan “Harbiy-tibbiy estafeta” xalqaro musobaqasi oʻz yakuniga yetdi. Barcha shartlar boʻyicha toʻplangan umumiy natijaga koʻra, 12857 ball bilan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi chempionlikni qoʻlga kiritdi.

    Rossiyaliklarda 10110 ball va ikkinchi oʻrin.

    Belorus jamoasi esa 6585 ball bilan sovrinli oʻrinni egalladi.

    Keyingi oʻrinlar quyidagicha taqsimlandi – Tojikiston, Vyetnam va Falastin.

    Podpolkovnik Toʻlqin Jumanazarov,

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti