“ArMI-2021”: Oʻzbekistonlik harbiy razvedkachilar oʻrtoqlik uchrashuvida ham mutlaq gʻolib

    Harbiy 23 Avgust 2021 1051

    Oʻzbekistonlik harbiy razvedkachilar Novosibirskda “ArMI – 2021” Xalqaro armiya oʻyinlarining “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” musobaqasidan oldin tashkil etilgan oʻrtoqlik uchrashuvida oʻz mahoratlarini namoyon etib, faxrli birinchi oʻringa sazovor boʻldi.

    Mazkur uchrashuvda Belarus, Janubiy Osetiya, Rossiya, Oʻzbekiston, Hindiston, Xitoy hamda Novosibirsk oliy harbiy qoʻmondonlik bilim yurti kursantlari jamoasi ishtirok etgan.

    Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarda pnevmatik quroldan oʻq uzish, kuch mashqlari, estafeta va arqon tortish kabi shartlar oʻrin olgan boʻlib, razvedkachilarimiz har bir shartda yuqori natijalar koʻrsatgan.

    Qurʼa tashlash natijasiga koʻra, “ArMI – 2021” Xalqaro armiya oʻyinlarining “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” musobaqasini ochib berish oʻzbekistonlik razvedkachilarga nasib etdi. 23-avgustda musobaqaning birinchi bosqichiga start berildi. Unda olti mamlakat jamoalari “Mi-8 AMTSH-V” vertolyotidan desantlashtirilib, 15 kilometrli masofani bosib oʻtdi. Belgilangan masofani bosib oʻtishda harbiy xizmatchilar sakkizta nazorat nuqtalari orqali shartli dushman hujumlarini ham mohirona qaytardi.

    Taʼkidlash lozimki, musobaqalarni oʻtkazish qoidasiga muvofiq jamoalar tomonidan maskirovka elementlarining yoʻqotilishi, minalarning notoʻgʻri oʻrnatilishi, jangovar tartibning buzilishi va boshqa xatoliklar uchun jamoalarga jarima ballari qoʻllanishi belgilangan. Belgilangan joyni aniqlash uchun esa faqatgina magnitli kompasdan foydalanishga ruxsat berilgan.

    Oʻzbekiston harbiy razvedkachilari barcha tartib va qoidalarga qatʼiy amalga qilgan hamda musobaqa shartlarini munosib bajargan holda shohsupa tomon dadil qadam tashlayaptilar, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, oʻzbekistonlik harbiy razvedkachilar mazkur musobaqada 2017, 2018-yillarda 3-oʻringa, 2019 va 2020-yillarda esa faxrli 2-oʻringa sazovor boʻlgan.