“ArMI—2021”: “Tank biatloni”ga qurʼa tashlandi

    Harbiy 20 Avgust 2021 997

    Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkaziladigan “Tank biatloni” musobaqasiga qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Unga koʻra, birinchi divizionda qatnashadigan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoamiz sariq rangli tanklarda harakatlanadigan boʻldi. Shunday qilib, polkovnik Juma Atashev boshchiligidagi jamoamizga birinchi divizionda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Belarus, Suriya, Ozarbayjon, Serbiya, Qozogʻiston, Moʻgʻiliston, Venesuela va Vyetnam davlatlari jamoalari raqiblik qiladi.

    – Yigitlarning kayfiyati aʼlo va jangovar. Eng muhimi shu, menimcha. Musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrganmiz, – deydi jamoa aʼzosi kapitan Muhriddin Nuriddinov. – Toʻgʻri, raqiblarimiz kuchli, ammo biz ham hech kimdan kam emasmiz. Nasib qilsa, yuqori natijalar bilan yurtimizga qaytishni niyat qilganmiz.

    Eslatib oʻtamiz, tankchilar jamoamiz dastlabki tayyorgarlikni Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyatida joylashgan 255 -umumqoʻshin poligonida olib borib, hozirda Moskva viloyatidagi “Alabino” poligoni yaqinidagi 1-polkka joylashgan. Musobaqaga qadar tayyorgarlik mashgʻulotlari davom etadi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.