Artel O'zbekistonning xalqaro reytingda o'rin olgan birinchi xususiy ishlab chiqarish kompaniyasiga aylandi

    Keyingi yillarda yurtimizda sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish va ularni eksport qilish darajasini ko'paytirishga e'tibor qaratilmoqda. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda nafaqat davlat korxonalari, balki xususiy sektor vakillari ham o'z o'rniga ega bo'lib boryapti.

    O'zbekistondagi eng yirik kompaniyalardan biri – Artel mamlakatimizdagi ishlab chiqarish korxonalari orasida birinchi bo'lib xalqaro “katta uchlik” reyting agentliklaridan biri — Fitch reytingida “B” barqaror reytingiga ega bo'ldi. Bu haqda Fitch Ratings rasmiy saytida e'lon qilindi. SHunday qilib, Artel O'zbekistonning xalqaro reytingda o'rin olgan birinchi xususiy ishlab chiqarish kompaniyasiga aylandi.

    Fitch o'z hisobotida Artel kompaniyasini “mahalliy bozordagi etakchi mavqega ega”, “faoliyatidan olinadigan kutilgan barqaror fondlari” va xalqaro miqyosda taniqli, sifatli maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar bilan “muvaffaqiyatli va uzoq muddatli hamkorlikka ega”, deb ta'rifladi. Reyting kompaniyaning moliyaviy va tijorat bo'yicha holatini izchil baholashga asoslangan va u kompaniyaning ishonchli qarz oluvchi sifatida mustaqil ko'rsatkichi bo'lib xizmat qiladi.

    – Biz bugun birinchi Fitch reytingini qabul qilganimizdan faxrlanamiz. Bu Artel jamoasining mashaqqatli mehnati samarasi hisoblanadi, chunki biz korporativ boshqaruvning eng yaxshi global standartlariga amal qilishga harakat qilib kelmoqdamiz. Bunday reyting hamkorlarimiz bilan munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga imkon beradi, yangi moliyalashtirish manbalariga yo'l ochib, xalqaro kapital bozorlariga kirish uchun keyingi qadam bo'lib xizmat qiladi, – deydi “Artel Electronics” MCHJ Boshqaruvi raisi o'rinbosari Bektemir Murodov.

    Fitch reytingiga ega bo'lish kompaniyaga nima beradi?

    Xalqaro sarmoyadorlar o'z sarmoyalarining defoltga uchramasligi va keyinchalik daromad keltirishi uchun agentlik yuqori reyting bergan korxonalarga investitsiya kiritadi. Fitch reytingni kompaniyaning qanday qarzdorlikka ega ekani va foiz stavkalari kabi tizimli o'zgarishlarga qanchalik sezgirligi singari omillarga asoslanib beradi. Artel ushbu reytingni olgach, global moliya bozorlari, qarz bozorlarida teng huquqli a'zo sifatida ishtirok eta oladi. Hozirgi kunda O'zbekistonning bir qator yirik banklari xalqaro reyting agentliklari tomonidan turli kredit reytinglari olgan. Artel esa mahalliy ishlab chiqarish kompaniyalari orasida birinchi bo'lib bunday reytingga ega bo'ldi.

    Artel kompaniyasiga 2011 yilda asos solingan bo'lib hozirgi vaqtda keng assortimentdagi maishiy texnikalar va elektr jihozlar ishlab chiqarayotgan o'zbek kompaniyasi sanaladi. Korxona O'zbekistonda 10 mingdan ortiq ish o'rni yaratgan. Artel o'z mahsulotlarini MDH va Yaqin Sharq mintaqasidagi 20 dan ortiq mamlakatlarga, hatto olis Afrika mamlakatlariga qadar eksport qiladi. Dunyoga mashhur ishlab chiqarish brendlari Samsung hamda Viyessmann kompaniyalarining hududiy hamkori sanaladi.