Arxiv sohasida yangi hamkorlik

    Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mamlakatimiz tarixida siyosiy jarayon —  Prezident saylovini kuzatish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan BAA Milliy arxivi bosh direktori Abdulla bin Muhammad Al Rais bilan uchrashdi.

    Maʼlumki, arxiv har bir davlatning tarixi va bugunini oʻzida mujassam etgan manzildir. Tarixga oid eng noyob manbalarni ayni arxivda saqlanishi ham bu sohaga alohida eʼtibor qaratilib, xalqaro hamkorlikni yuksaltirishni taqozo etadi.

    Mazkur muzokara chogʻida ham arxiv bilan ishlash masalalari muhokama etildi. Shuningdek, uchrashuv davomida arxivda mavjud tarixiy maʼlumotlarni almashish, noyob qoʻlyozmalar va meroslarni oʻrganish ustida birgalikda ishlash, oʻzaro nusxalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish kabi muhim takliflar bildirildi.

    Shu bilan birga, BAAda yaqinda boʻlishi kutilayotgan madaniyat kunlari hamda oʻzbek mumtoz sanʼati durdonasi boʻlgan Shoshmaqomni YUNESKOning “Dunyo xotirasi” nomli dasturiga kiritish yuzasidan fikr-mulohazalar almashinildi.