Arxiv tizimini raqamlashtirish davr talabi

    Toshkent shahridagi Inxa universitetida Koreya Milliy arxivi direktori katta oʻrinbosari Li Gem Ma xonim ishtirokida “Arxiv tizimini raqamlashtirish bosqichlari” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

    Seminarda “Oʻzarxiv” agentligi hamda tizimdagi milliy arxivlar, arxiv ishi hududiy boshqarmalari va davlat arxivlari rahbar-mutaxassislari, shuningdek, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Dastlab seminarni “Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov kirish soʻzi bilan ochib, Oʻzbekiston va Koreya respublikalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanadla kuchaytirishda arxiv hujjatlarini oʻrganishning ahamiyatlari, har ikki davlat arxivlari samarali muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishlari davlat arxivlarimizda raqamlashtirish ishlarini jadallashtirishdagi ahamiyati toʻgʻrisida taʼqidladi.

    Agentlik direktor oʻrinbosari Xusan Isayev “Oʻzbekistonda arxiv tizimini raqamlashtirish” mavzusida qisqacha taqdimot qilib, unda sohaga oid statistik maʼlumotlar, xalqaro va mahalliy tashkilotlar oʻrnatilgan hamkorlik munosabatlari, amaliyotga joriy etilgan axborot tizimlari va integratsiya masalalari, elektron shaklda taqdim etilayotgan xizmatlar, arxiv ishi sohasini raqamlashtirish holati va uning natijadorligi yuzasidan axborot berdi.

    Seminar davomida koreyalik ekspert, Koreya Milliy arxivi direktori katta oʻrinbosari Li Gem Ma xonim “Koreyada raqamli yozuvlarni boshqarish” mavzusida qiziqarli taqdimot oʻtkazib, unda Koreya Milliy arxivining hozirgi holati, raqamli yozuvlarning tavsiflari, ularni boshqarish jarayonlari, raqamli hujjatlarni saqlash va kelgusi yillarga moʻljallangan rejalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

    Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan oʻzlarini qiziqtirgan mavzulari boʻyicha koʻplab savollar berildi hamda tegishli ravishda ekspertlardan javoblar olindi.