2021-yil 28-yanvar kuni “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan Xolokost muzeyi (AQSH) bilan oʻrnatilgan hamkorlik doirasida “Arxivdagi xolokost aks-sadosi: manbalar va tadqiqotlar” mavzusida xalqaro ilmiy seminar boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar qoʻmitasi, AQSH Holokost yodgorlik muzeyi, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti arxivi vakillari, “Oʻzbekiston-Isroil” doʻstlik jamiyati, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, G.I. Nosov nomidagi Magnitogorsk davlat texnika universiteti va Oʻzbekiston Milliy universiteti professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda “Oʻzarxiv” agentligi direktori U.Yusupov, Isroilning Oʻzbekistondagi elchisi Zexavit Ben-Xillel, arxiv manbalarini oʻrganish boʻyicha yetakchi olimlar va tajribali mutaxassislarning qiziqarli maʼruzalari tinglandi.

Xolokost hujjatlari milliy instituti xalqaro arxiv dasturlari direktori Vadim Alskan Xolokost muzeyi faoliyati, uning tarixi, koʻrgazmalari va xalqaro arxiv dasturlari haqida soʻzlab berdi.

Seminar ishtirokchilarida Xolokost tarixiga oid arxiv hujjatlarini aniqlash, tanlash va oʻrganish amaliyotiga oid maʼruzalar katta qiziqish uygʻotdi.

Masalan, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Arxivining bosh mutaxassisi Yevgeniya Viktorovna Chilikova Xolokost fojeasini oʻrganish boʻyicha tajribasi bilan oʻrtoqlashdi, arxiv hujjatlarini aniqlash natijalari va kamchiliklari haqida soʻzlab bergan boʻlsa, G.I Nosov nomidagi Magnitogorsk davlat texnika universiteti umumiy tarix kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Marina Nikolayevna Potemkina “Ikkinchi jahon urushi davrida aholini evakuatsiya qilish. Bu qanday boʻlgan edi?” mavzudagi maʼruasida muammoni oʻrganishning muhim jihatlariga eʼtibor qaratdi.

“Buxoro merosi” ilmiy markazi direktori, tarix fanlari doktori R.V. Almeyev “Xolokostni eslang”, Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vazirligi Pedagogik innovatsiyalar institutining dotsenti, iqtisod fanlari doktori, professor Sh.Ya. Maqsudova urush paytida xalqning tarixiy xotirasi haqida, Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Oʻzbekiston Milliy arxivi yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Muhayyo Isaqova Oʻzbekiston arxivlari va Xolokost muzeyi oʻrtasidagi hamkorlik tajribasi va istiqbollari masalalari boʻyicha maʼruza bilan ishtirok etdi.