Arxivlardagi qonunbuzilishlar bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan

    Toshkent Farmatsevtika institutida va Jizzax viloyati davlat arxivida o'tkazilgan tekshirishlar bo'yicha to'plangan materiallar prokuratura organlariga taqdim etilgan va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

    “O'zarxiv” agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilda 139 ta vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo'limlarida arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazorati o'tkazildi. O'tkazilgan davlat nazorati tekshirishlari bo'yicha 132 ta ko'rib chiqilishi majburiy bo'lgan taqdimnomalar kiritilgan. Xususan, Toshkent Farmatsevtika institutida va Jizzax viloyati davlat arxivida o'tkazilgan tekshirishlar bo'yicha to'plangan materiallar prokuratura organlariga taqdim etilgan va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

    Tekshirishlar davomida asosan quyidagi qonunbuzilishlar aniqlandi:

    O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini belgilangan muddatlarda davlat arxivlariga topshirmaslik, arxiv hujjatlarining qimmatliligi bo'yicha ekspertizadan o'tkazmaslik, jumladan, arxiv ro'yxatlarini tuzmaslik, hujjatlarni tartibga keltirmasdan saqlash, arxiv xonalariga bo'lgan talablarga rioya etmaslik.

    Ish yuritish qoidalariga rioya etmaslik, jumladan, ish yuritish yo'riqnomalari, yig'majildlar nomenklaturalari ishlab chiqmaslik. Arxiv ishi va ish yuritishga mas'ullarning bilim va malakalari etishmasligi hamda tegishli malaka oshirish kurslarida o'z malakalarini oshirmaslik holatlari aniqlandi.

    Tekshirishlar natijasida tashkilot va korxonalarda saqlanayotgan Milliy arxiv fondiga kiritilgan idoraviy saqlov muddati tugagan 100 ming saqlov birligidan ziyod arxiv hujjatlari tegishli davlat arxivlariga topshirilgan.

    Bundan tashqari, tekshirishlar davomida arxiv ishi va ish yuritish bo'yicha amaliyotda vujudga kelayotgan muammolarni hal qilish maqsadida bir qator huquqiy hujjatlar korruptsiyaga qarshi ekspertizadan o'tkazildi va Adliya vazirligiga tegishli takliflar taqdim etildi.