Final janglarida dastlab, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev (-65 kg) ringga koʻtarildi. Braziliyalik Yuri dos Reisga qarshi bahs olib borgan hamyurtimiz ajoyib gʻalabaga erishib, faoliyatida ikkinchi bor jahon chempionligiga erishdi.
Soʻng, 20 yoshli bokchimiz Javohir Ummataliyev (-80 kg) ham jahon chempionatining oltin medaliga sazovor boʻldi. Fransiyalik Yojerlan Sezar bilan bahs olib borgan Ummataliyev kuchli va aniq zarbalari oldida raqibini ojiz qoldirib, ushbu vaznda tengsiz ekanini isbotladi.
Terma jamoamizga toʻrtinchi oltin medalni Toʻrabek Habibullayev rasmiylashtirdi. -90 kg vazn toifasining finalida braziliyalik Isays Ribeyroga qarshi ringga koʻtatilgan Habibullayev munosib gʻalabaga erishdi va oltin medalga ega chiqdi.
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Abdumalik Xalokov ham yana bir bor jahon chempionligiga erishdi. -60 kg vazn toifasida bahs olib borgan yurtdoshimiz finalda braziliyalik Luis Oliveyrani qiyinchiliksiz magʻlubiyatga uchratib oltin medalga sazovor boʻldi.
Liverpulda vakillarimiz ishtirokidagi kunning beshinchi finalida Navbahor Hamidova qozogʻistonlik Aida Abikeyevaga qarshi ringga chiqdi.
-65 kg vazn toifasidagi jangda oʻzbekistonlik bokschi qiz raqibini ochkolar boʻyicha magʻlubiyatga uchratayotib, 3-raundda ogohlantirildi va yakunda hakamlar qoʻshni mamlakat vakilasini gʻolib deb topishdi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston delegatsiyasining umumjamoaviy medallar jamgʻarmasidagi hozircha yagona kumush medali Navbahorga nasib etdi.
Eslatib oʻtamiz, Fazliddin Erkinboyev Oʻzbekiston hisobiga birinchi oltin medalni keltirgandi.









