“Asaka siti”ni obodonlashtirish ishlari bilan “Avtosanoat-injiniring” shugʻullanadi

    Urbanizatsiya 6 Aprel 2021 565

    Prezident tomonidan 2.04.2021-yildagi “Andijon viloyati Asaka tumanini obodonlashtirish va arxitektura qiyofasini yana-da yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.

    Hujjat bilan Andijon viloyati Asaka tumani “Chek” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Asaka city” majmuasi barpo etish uchun 53,3 gektar yer maydoni tanlandi.

    Andijon viloyati Asaka tumanining arxitektura qiyofasini yana-da yaxshilash hamda “Asaka city” zamonaviy koʻp funksiyali majmuasini barpo etish Prezidentning 28.12.2020-yildagi PQ-4937-son qarori bilan tasdiqlangan 2021-yilda investitsiya loyihalari doirasida investitsiya va kreditlarni oʻzlashtirish boʻyicha yigʻma manzilli dasturga kiritildi.

    Bunda “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ loyihaning bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi etib, “Tashgiprogor” AJ esa tanlov asosida bosh loyiha tashkiloti etib belgilandi.

    2020-yilda “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan loyihaoldi ishlari amalga oshirilgan. Taʼkidlanishicha, kompaniya tomonidan avtomobilsozlik sanoati xodimlarini arzon turar joylar bilan taʼminlash maqsadida bir qator namunaviy koʻp kvartirali uylarni qurish boshlangan. 2021-yildan boshlab “Asaka city” majmuasida obyektlarni qurish investorlarning mablagʻlari, shu jumladan kreditlar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

    “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ obyektlar direksiyasi etib tayinlangan, u obyektlar qurilishi va ishga tushirilishini muvofiqlashtiradi.

    Investorlar “Oʻzavtosanoat” AJ va “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ vakillari ishtirokida Andijon viloyati hokimligi qoshidagi tanlov komissiyasi tomonidan tanlab olinadi.

    Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchilarga nisbatan Prezidentning 2.08.2018-yildagi PQ-3895-son qarorida nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari tatbiq etiladi.