Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tuman boʻlimi tomonidan AT “Xalq banki” Andijon viloyati filialining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, bankning Asaka filiali sayyor kassa hisobchi-nazoratchilari N.Q. va S.R. 158 nafar fuqaroning jami 90,3 million soʻm pensiya va nafaqa pullarini tarqatmasdan, toʻlov qaydnomalarida imzolarni soxtalashtirib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shuningdek, bank filialining sobiq rahbari U.Yu. va boshqalar “E.D.” MCHJ tomonidan kredit mablagʻini toʻliq soʻndirish uchun toʻlangan 58 million soʻmni bankka kirim qilmasdan oʻzlashtirganligi, qilmishlarini yashirish maqsadida notarial idoraga soxta hujjatlar taqdim qilib, garovdagi mulkka qoʻyilgan taqiqni bekor qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.