Dastlab bank filiali rahbari Bekzodbek Sulaymonov so'zga chiqdi. U kitob va matbuot mutolaasining davlat xizmatchisi kamolotidagi o'rni alohida ekanligini hayotiy misollar asosida qisqacha tushuntirdi. Tashkilot va idoralardagi ma'naviy muhit yaxshi bo'lishida, o'zaro hamjihatlikni ta'minlashda, topshiriqlarni tezkor va sifatli bajarishda, ish samaradorligiga erishishda ijodiylik, kreativlik, madaniy dam olish va sport bilan shug'ullanish katta ahamiyatga egaligiga to'xtaldi.
Shundan so'ng Vazirlar Mahkamasi nashri hisoblangan “Yangi O'zbekiston” gazetasining Namangan viloyati bo'yicha muxbiri Orifjon Jo'rayev, viloyat hokimligining “Namangan haqiqati” va “Namanganskaya pravda” gazetalari bosh muharrirlari Akramjon Sattorov, Odiljon Inomovlar “Asakabank” viloyat filialidagi har taraflama ijobiy o'zgarishlarni e'tirof etib, bu borada rahbar tajribasini, tashabbuskorligini alohida ta'kidlashdi.
“Yangi O'zbekiston” gazetasi muxbiri mazkur bosma nashrning davriyligi, mazmun-mundarijasi to'g'risida batafsil gapirib berdi. Darhaqiqat, hozirda yurtimiz, hududlardagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, xalqaro hamkorlikka oid jarayonlarni yoritishda, keng ommaga yetkazishda gazetalar imkon qadar faollik, fidoyilik namunasini ko'rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan zamonda tolmas targ'ibotchilik vazifasini sharaf va mashaqqat bilan uddalashmoqda.
Bugungi kunda “Yangi O'zbekiston” tahririyati tomonidan nafaqat kunlik gazeta chop etilmoqda, balki uning internet, ijtimoiy tarmoqlarda ham o'z sahifalari mavjud. Jumladan, www.yuz.uz veb-sayti, yuz_official Telegram kanali, Instagram, YouTube, Facebook kabi platformalarda ham o'z o'quvchilariga ega. Ayni platformalarda muntazam ravishda axborotlar, tahliliy materiallar, videointervyular, suhbatlar joylanadi.
Samimiy va qizg'in ruhda kechgan uchrashuv davomida jurnalistlar bank mutaxassislarining qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytarishdi.

















