Mamlakatimizda byudjet mablagʻlarini sarflanishida jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, fuqarolarni byudjet jarayoniga yanada kengroq jalb qilish maqsadida Prezidentimizning “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjatga muvofiq, joriy yildan boshlab har bir hududda bittadan tuman yoki shaharda tegishli tuman (shahar)lar byudjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish boʻyicha yangi tartib joriy etildi. Ushbu tartib barcha tuman va shaharlarga tadbiq etilishi rejalashtirilgan. Mazkur norma davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida"gi farmonida ham oʻz aksini topdi.

Asaka tumanida Prezidentimiz farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi orasida targʻib qilish, uning ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari, viloyat Moliya boshqarmasi masʼullari, tuman hokim yordamchilari, MFY raislari ishtirokida oʻquv seminar tashkil etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.

Seminarda Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Abdurasulov tashabbusli byudjet jarayonini amalga oshirish mexanizmi va uning mohiyatini keng yoritish maqsadida ishtirokchilarga 2022-yilda “Fuqarolar byudjeti” jarayonlari ikki marotaba, fevral va iyul oylarida boʻlib oʻtishi, 1-fevraldan boshlab “Fuqarolar byudjeti” jarayonining joriy yildagi birinchi bosqichiga “start” berilgani, ushbu jarayonlarda qanday ishtirok etish va takliflarni (openbudget.uz) axborot portaliga joylashtirish tartiblari xaqida kengroq tushunchalar berdi.

Shuningdek, tashabbusli byudjet tizimini rivojlantirish va undagi maqsadlar koʻlamini kengaytirish yuzasidan berilgan takliflar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan yozib olinib, “Milliy tiklanish” demokratik partiya fraksiyasi muhokamasiga taklif sifatida kiritilishi maʼlum qilindi.

Faol interaktiv shaklda boʻlib oʻtgan seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga deputat tomonidan batafsil javoblar berildi.