Asal mahsuloti bogʻcha tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik ratsioniga kiritiladi

    Ijtimoiy hayot 13 Iyun 2023 1801

    Bu haqda “Asalarichilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarorida belgilandi.

    Qarorda beliglanishicha, 2023-yil 1-sentyabrdan maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik isteʼmol ratsioniga asal mahsulotini kiritish masalasi koʻrib chiqiladi.

    Bundan tashqari qaror bilan 2023-yilda 200 ming gektar maydonda paxta hosildorligini oshirish uchun gʻoʻzani asalari bilan changlatish agrotexnikasi qoʻllanilishi;

    Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida Namangan hamda Fargʻona viloyatlari tajribasi asosida Asalarichilik sanoat markazlari tashkil etilishi;

    2024-yildan intensiv mevali bogʻlarda asalari bilan changlatish agrotexnikasi qoʻllanishi belgilandi.

    Har yili 1–10-dekabr kunlari Toshkent shahrida “Asal bayrami” va “Asalarichilik mahsulotlari” xalqaro koʻrgazmasi oʻtkazib boriladi.

    Asalarichilik subyektlarining “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil qilinadigan koʻrgazma va konferensiyalarda doimiy ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻriladi.

    “Fermerlar maktabi”da paxta maydonlari va intensiv mevali bogʻlarda asalarilar bilan changlatish agrotexnikasini qoʻllash boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi.