Shoir xotirasi, maʼnaviy merosining ahamiyati nafaqat Oʻzbekistonda, balki yaqin va uzoq xorij mamlakatlarida ham eʼzozlanadi va eʼtirof etiladi. Alisher Navoiyning turli yillarda barpo etilgan haykallari buning isbotidir.
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etgan tadbir doirasida buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilishi ham tashkil etildi.
Yodgorlikning ochilish marosimida mehmonlar ulugʻ shoirning oʻzbek xalqi maʼnaviyatining ajralmas qismi boʻlgan va keyingi davrlar lirikasiga ulkan taʼsir koʻrsatgan betakror ijodiy merosini alohida taʼkidladi.
Ijodiy jamoalar tomonidan Alisher Navoiy asarlari oʻzbek va turkman tillarida ijro etildi. Turkmaniston hukumati aʼzolari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari yodgorliklar poyiga gul qoʻydi.
Qayd etish joiz, bogʻning markaziy qismi – Maxtumquli Firogʻiy yodgorligidir. Yodgorlik jahonga mashhur yozuvchilarning 24 haykalini birlashtirgan yangi madaniyat va istirohat bogʻi majmuasining markaziy qismiga aylandi.
Maxtumquli yodgorligi atrofida jahon adiblari va atoqli shaxslarining haykallari oʻrnatildi. Jumladan, majmuada Onore de Balzak, Iogan Volfgang Gyote, Rabindranat Tagor, Uilyam Shekspir, Fyodor Dostoyevskiy, Dante Aligeri, Sayat-Nova va boshqa koʻplab dunyo adabiyotining yorqin vakillari mahobatli haykallari qad koʻtargan. Bobomiz Navoiyning haykali ham endi atoqli shaxslar qatoridan joy oldi.