Asosiy maqsad — davlat va biznes oʻrtasida mushtarak manfaatlarni anglashni taʼminlash

    Mamlakatimizda 26 Iyul 2021 585

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ekspertlar hamjamiyati va tadbirkorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish uchun munozara platformasini yaratyapti.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov videokonferensiya shaklida ekspertlar hamjamiyati vakillari, tadbirkorlar va blogerlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar va investorlar bilan boʻlajak ochiq muloqotiga tayyorgarlik hamda iqtisodiyot, moliya, bank sohasi va boshqa sohalardagi dolzarb tendensiyalarni muhokama qildi.

    “Aqliy hujum” shaklida oʻtkazilgan muhokama davomida boʻlajak tadbir kun tartibini shakllantirish yuzasidan takliflar oʻrtaga tashlandi va koʻrib chiqildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda tashkil etilgan murojaatlarni qabul qilish va tahlil etish boʻyicha Shtab tomonidan tadbirkorlarning qabul qilingan muammo va takliflari ham muhokama etildi.

    Ekspertlar va blogerlar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yana-da rivojlantirish borasida oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdilar hamda izchil islohotlarni davom ettirish zarur va muhim boʻlgan ustuvor sohalarni koʻrsatib oʻtdilar. Xususan, davlat boshqaruvi hamda soliq va bojxona maʼmurchiligi tizimlari samaradorligini oshirish, davlat korxonalari va bank sektorini xususiylashtirish, tadbirkorlar va investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning yangi vositalarini yaratish va boshqa masalalarga toʻxtalib oʻtildi.

    Suhbat davomida mamlakatni jadal iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishda ishbilarmonlar yana-da faol ishtirok etishlarini nazarda tutgan holda davlat idoralari hamda ekspertlar va biznes vakillari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning muhim ahamiyati qayd etildi. Ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surish borasida gʻoyalarni shakllantirish va koʻp tomonlama fikr almashish uchun munozara platformasini yaratish taklif etildi. Ushbu platformaning maqsadi davlat va biznes oʻrtasida mushtarak manfaatlarni anglashni taʼminlashga, shuningdek, mavjud muammolarning samarali yechimlarini ishlab chiqishga qaratilgan konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻyishdir.

    Oʻzaro ishonchli va konstruktiv suhbat yakunida ishtirokchilar kelgusida hamkorlik qilish yoʻllarini belgilab, mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishining dolzarb masalalari borasida muntazam muhokamalar oʻtkazishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.