Лого Лого-пв-уз

    Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga ajiotaj talab yuzaga kelganda tahlil oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda 21 Dekabr 2022 1269

    Hukumat qarori (716-son, 19.12.2022-y.) bilan Asosiy turdagi oziq-ovqat va zarur mahsulotlar narxlarining keskin tebranishi davrida asossiz oshirilmasligi boʻyicha tizimli nazorat oʻrnatish va zarur choralar koʻrish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tadiqlandi.

    Nizomga koʻra, narxlarning keskin tebranishi holatlari yoki bozorda ajiotaj talab yuzaga kelganda vakolatli organ tomonidan tahlil oʻtkaziladi.

    Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin tebranish davri ushbu mahsulotlarning narxi oxirgi 30 kungacha boʻlgan davrda Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng yoki undan yuqori darajada oshganda yoki bozorda ajiotaj talab yuzaga kelganda, 6 oygacha boʻlgan muddatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

    Asosiy turdagi tovarlar narxlarining oʻzgarish dinamikasini kuzatib borish maqsadida muntazam ravishda:

      • bozorlar, savdo komplekslarida, chakana savdo tarmoqlarida, birjalarda kunlik shakllangan narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
      • statistika va bojxona organlari maʼlumotlarini (maʼlumot, byulleten va boshqalarni);
      • ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarni;
      • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan maʼlumotlarni toʻplash orqali monitoring oʻtkazib boradi.

    Bozorda mahsulotlar (tovarlar)ning sunʼiy taqchilligini keltirib chiqargan alomatlar aniqlanganda, vakolatli organ xoʻjalik yurituvchi subyektlarning binolariga bevosita kirish hamda ombordagi mavjud zaxiralarni xatlovdan oʻtkazadi.

    Nizom qoidalari yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, xom ashyo va materiallar hamda ushbu quyidagi ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan tatbiq etiladi:

    ▫️bugʻdoy va un;

    ▫️qolipli non;

    ▫️mol goʻshti;

    ▫️parranda goʻshti;

    ▫️tuxum;

    ▫️paxta yogʻi;

    ▫️kungaboqar yogʻi;

    ▫️guruch;

    ▫️shakar;

    ▫️sut (qadoqlangan).