Kuni kecha Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilinib, mukofotlar tantanali tarzda oʻz egalariga topshirildi. Bunday ragʻbatlantirish, eʼtiroflar oʻzgacha ruhda, yangi bir davrda boʻlib oʻtyapti. Ochiqroq qilib aytganda, bugun jurnalistlarning mehnati oʻzgacha qadrlanmoqda. Yaʼni, fidoyiligingiz, islohotlarga qay darajada xayrixoh boʻlayotganingiz, jamiyatda topgan oʻrningizga qarab baho berilyapti.

Albatta, bunga keyingi yillarda matbuotimizdagi, ommaviy axborot vositalardagi oʻzgarishlar, soʻz erkinligining amalda qaror topayotgani ortidan erishilyapti. Quvonarlisi, jurnalistlarning ovozi, jamiyatdagi oʻrni yana-da yaqqol nomoyon boʻlib borayotir. Ushbu sohada goʻyo yangi hayot boshlangandek. Zero, ayni paytda jurnalistlarimiz muammoli masalalarga yechim boʻladigan qator mavzularni qalamga ola boshladi. Shu oʻrinda aytish kerakki, bugun jamiyatning oʻzi ham erkinlashdi. Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan adolatli tamoyil taʼsirida jamiyatimizda ham uygʻonish kuzatilyapti.

Shu oʻrinda masalaning yana bir jihatiga eʼtibor qaratishni istardim. Bugun oʻzimizni koʻrsatadigan, biz istagan erkin maydon paydo boʻldi. Oʻzimizdan qiyos: joriy yildan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida siyosatshunoslik yoʻnalishi tashkil etilib, unda 105 nafar yosh tahsil olyapti. Talabalarning koʻpchiligi amaliyotda faol ekani, hatto tahririyatlarda, teleradiokanallarda faoliyat olib borayotgani murabbiy sifatida meni quvontiradi. Ular oʻqituvchilar bilan bemalol bahs-munozaraga kirishib, muammoli vaziyatlarga oʻzlarining mustaqil munosabatlarini bildirisha olyapti.

Bugun jamiyatdagi rivojlanish, jurnalistika sohasidagi oʻsishni xalqaro ekspertlar ham tan olayapti. Ular Prezidentimizning siyosatini tahlil qilib, Oʻzbekistonning jahondagi oʻrni tobora yuqorilab borayotganini eʼtirof etyapti.

Shu oʻrinda Oʻzbekistonning dunyoda eng koʻp investitsiya oladigan davlatlar qatorida yetakchi oʻrinlarda turganini faxr bilan taʼkidlash joiz. Xorijiy davlatlar oʻzlari investitsiya berayotgan davlatning salohiyati, imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda hamkorlik qiladi, albatta. Kelajagimiz tayanchi boʻlgan yoshlarimizning vatan ravnaqi, taraqqiyoti yoʻlida sobitqadam borayotgani koʻnglimizni toʻldiradi. Chet ellarda faoliyat yuritayotgan koʻplab yosh, yetuk kadrlarni yurtimizga qaytarish, ular orqali boshqa yoshlarni ham ruhlantirishga jiddiy kirishganimiz ham bejiz emas.

30 yildan buyon taʼlim sohasida tajriba orttirgan ustoz sifatida aytamanki, bugunning yoshlari avvalgidan ancha faol, 35–40 daqiqa bir mavzu yuzasidan toʻxtamay, erkin fikr yurita oladi. Bunday faollik ularni universitetning “Siyosiy tahlil” klubida ham faol boʻlishida muhim omil boʻlmoqda. Oʻylaymizki, ular orasidan yaqin kelajakda biz orzu qilgan siyosiy sharhlovchilar, albatta yetishib chiqadi.

Xulosa oʻrnida bugun Oʻzbekistonni katta bir qurilish maydoniga qiyoslash mumkinligini aytishni istar edim. Negaki, qaysi bir viloyatga, qaysi tumanga bormang, bogʻcha, maktab, koʻp qavatli uylar, poliklinikalar qurilyapti. Bularning barchasi xalqimizning farovonligi, ertamiz egalarining porloq kelajagi uchun. Ayni shu maqsadni, islohotlarning tubida nimalar mujassamligini xalqqa xolis yetkazuvchilar esa jurnalistlar. Demak, bizning asosiy vazifamiz, tezkor, har tomonlama mukammal jurnalist kadrlarni tarbiyalash.

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yuksak unvon bilan taqdirlaganimdan juda xursandman. Albatta, bunda avvalo, universitetdagi sof ijodiy muhit, ahil jamoaning ham katta oʻrni bor. Buni butun jamoamizga qaratilgan eʼtibor, eʼtirof deb bilaman. Zero, bunday ragʻbat jamiyatni uygʻotadi, ruhlantiradi, odamlarning oʻziga boʻlgan ishonchini yana-da oshiradi.

Muqimjon QIRGʻIZBOYEV,

Oʻzbekiston JOKU ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri,

Respublikada xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi