“Assalom Agro” platformasi ishga tushirildi

    Mexanizm orqali dehqon va fermer xo'jaliklariga hosilni saqlab qolish va noqulay havo ta'sirida oldindan ko'rilishi lozim bo'lgan chora-tadbirlar batafsil o'rgatiladi.

    Bugun eksport salohiyatini oshirish, xorij bozorlari uchun yuklanayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining sifat darajasini yaxshilash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

    O'rganishlar shuni ko'rsatmoqdaki, xalqaro talablarga mos keladigan toza va sifatli bog'lar haqida ma'lumotlarning yo'qligi, mahsulotni saralash va qadoqlash, kalibrlash, kutilayotgan ob-havoni oldindan bilmaslik va hosilni saqlab qolish chora-tadbirlariga tayyorlanmaslik eksportbop mahsulotlar hajmi va sifatiga salbiy ta'sir o'tkazmoqda. Ana shunday qator muammolarni o'rganish va bartaraf etish maqsadida “Assalom agro” platformasi ishga tushirildi.

    Mazkur platformaga jalb etilgan ishchi guruh bugungi kunda eksportyor tomonidan mahsulot xarid qilish, eksportdan avvalgi moliyalashtirish, mahsulotni taqsimlash va qadoqlash, shuningdek, qonunchilikdagi chegirma va imkoniyatlarni tadbirkorlarga etkazish kabi vazifalarni bajaradi.

    Aksariyat hollarda qurg'oqchil yoki sovuq ob-havo oqimi ekinlarga jiddiy zarar etkazib, hosil hajmining keskin tushib ketishiga sabab bo'ladi. “Assalom Agro” platformasida ishga tushirilgan ob-havoni oldindan prognoz qilish mexanizmi orqali dehqon va fermer xo'jaliklariga hosilni saqlab qolish va noqulay havo ta'sirida oldindan ko'rilishi lozim bo'lgan chora-tadbirlar batafsil o'rgatiladi. Shuningdek, elektron dala nazoratida zararlangan hududlar aniqlanib, ular fitosanitar toza hududga aylantiriladi. Zararkunandalardan holi hududlar ro'yxati importyor davlatlarga doimiy ravishda etkazilib, bu orqali eksport qilinuvchi sarhil o'zbek meva-sabzavotlariga xaridor mamlakatlar sonining oshirilishiga erishiladi.

    O'simliklar karantini davlat inspeksiya axborot xizmati