Bu haqda “Oʻzgidromet” axborot berdi.

Maʼlum qilinishicha, atmosfera inversiyasi respublikaning bir qator hududlarida, jumladan Toshkent shahri, Samarqand va Jizzax viloyatlarida ayniqsa yaqqol namoyon boʻlmoqda. Ushbu jarayon asosan ertalab, kechki va tungi soatlarda kuzatilib, atmosferaning pastki qatlamlarida havo almashinuvining cheklanishiga olib kelmoqda.

Natijada ifloslantiruvchi moddalar tarqalishi qiyinlashib, noqulay meteorologik sharoit shakllanmoqda. Xususan, mayda dispers zarrachalar — PM2,5 va PM10 — pastki atmosfera qatlamlarida toʻplanib qolayotgani, ayrim hududlarda ularning konsentratsiyasi oshayotgani qayd etilmoqda. Bu holat havo sifati yomonlashishiga sabab boʻlishi mumkin.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning tabiiy-geografik joylashuvi, relyef xususiyatlari va sinoptik sharoitlari tufayli mamlakat hududida atmosfera inversiyasi tez-tez va deyarli muntazam ravishda kuzatiladi.

Dastlabki prognozlarga koʻra, respublika boʻylab iliq ob-havo hamda inversiya jarayonlari haftaning oxirigacha saqlanib turishi kutilmoqda.