Atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni hisobga olish boʻyicha Milliy reyestr yaratiladi

    Xalqaro hamkorlik 4 Dekabr 2023 620

    Oʻzbekistonda Milliy uglerodli kredit tizimini yaratish doirasida “Industrial Innovation Group” kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolandi.

    BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va “Industrial Innovation Group” bosh direktori Taryam Matar Taryam oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Hujjat Milliy uglerodli kredit tizimini yaratish doirasidagi hamkorlikka qaratilgan.

    Maʼlumot uchun: Industrial Innovation Group – bosh qarorgohi BAAda joylashgan transmilliy kompaniyalar guruhi. U murakkab, yuqori texnologiyali tizimlarni yaratish, yirik sanoat va innovatsion majmualarni loyihalash va qurish boʻyicha 30 yillik katta tajribaga ega. Tashkilot turli biznes tarmoqlari uchun barqaror yoʻllarni ishlab chiqadi, uglerod xavfini kamaytirish tashabbuslarini konseptuallashtiradi, turli uglerod kredit registrlari uchun dizayn hujjatlarini yaratadi, shuningdek, biokoʻmir - “Hemporama Biochar”ning global ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

    Memorandum Oʻzbekistonning tashlanmalarni kamaytirish boʻyicha milliy strategiyasiga muvofiq tuzilgan. Bunga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni hisobga olish boʻyicha Milliy reyestrni yaratish tashabbusi bilan chiqqandi.

    Uchrashuvda Aziz Abduhakimov reyestrning yaratilishi iqlim oʻzgarishi muammosini hal etishda samarali yondashuv ekanligini, mavjud tashlanmalarni tartibga solish va kamaytirish boʻyicha loyihalarni ragʻbatlantirish tizimlarini integratsiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

    Oʻz navbatida Matar Taryam mazkur reyestrni yaratishga hissa qoʻshish tashkilot uchun katta sharaf ekanligini qayd etdi. U ushbu hamkorlikning yoʻlga qoʻyilgani Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish va ekologik xavflarni kamaytirishga intilishidan dalolat berishini, bu esa bugungi kundagi global iqlim muammolari sharoitida, ayniqsa, muhim ekanini taʼkidladi.

    Shuningdek, kompaniya vitse-prezidenti Anna Chekanova reyestrning muhimligini qayd etdi.

    “Dunyo iqlim inqirozini yumshatish va tashlanmalarni kamaytirish texnologiyalarini ishlab chiqishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Bugun barcha bilim va innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etishning ayni vaqti. Reyestr iqlim ekotizimining barcha ishtirokchilarini birlashtirgan yagona platforma boʻlib, belgilangan ekologik maqsadlarga samarali va amaliy erishishga xizmat qiladi”, — dedi A.Chekanova.

    Oʻzbekistonning birgalikdagi tashlanmalar inventarizatsiyasi mamlakatning ekologik izlarini toʻgʻri baholash va uglerodni nazorat qilish tashabbuslari asosini ishlab chiqish uchun ishonchli yondashuv hisoblanadi. Reyestr tashlanmalarni muntazam ravishda kuzatib borish va uglerod xavfini kamaytirish loyihalarini aniq baholashi mumkin boʻlgan keng qamrovli platforma boʻlib xizmat qiladigan muhim havolani yaratadi.